Besh yilda Samarqandda 28 ta talabalar turar joyi quriladi

Bu haqda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev davlatimiz rahbarining Samarqandga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i asosida viloyat aholisiga murojaatida qayd etdi.

– Bugungi kunda viloyatda 11 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda, – dedi B.Musayev. –  Prezidentimiz tashrif chog‘ida yana 5 ta oliy o‘quv yurti ochish bo‘yicha topshiriq berdilar. Jumladan, Samarqand davlat universiteti qoshida O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tashkil etiladi. Bundan tashqari, muhandislik fizikasi instituti hamda agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti ochiladi. Kattaqo‘rg‘on shahri va Urgut tumanida SamDUning filiallari tashkil etiladi. 2021-2022 o‘quv yilidan Narpay va Payariq tumanlarida Samarqand davlat chet tillari institutining fakultetlarini ochish ko‘zda tutilgan.

Hozirda Samarqandda 6 ming o‘rinli 19 ta talabalar turarjoyi mavjud. Bu yil yana 5 ta bino qurish va 200 o‘rinli yotoqxonani rekonstruksiya qilish evaziga 2350 nafar talabaning turar joyga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi. Umuman, 2021-2025 yillar davomida viloyatda 10 ming o‘rinli 28 ta yotoqxona qurish rejalashtirilgan.