Bioxilma-xillik nima va u bizga nega kerak?
Tabiat "chekinmoqda", bioxilma-xillikning qisqarib ketish jarayonlari rekord darajaga yetdi. Yer o‘z hosildorligini yo‘qotdi. O‘simlik va hayvonot dunyosi turlarining milliondan ortig‘i yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Insoniyat yangi biologik tahdidlar, xususan, koronavirus pandemiyasiga ro‘baru keldi. Bu haqda “Biologik xilma-xillik sohasida global istiqbol” mavzusidagi ma’ruzada keltiriladi.
Xo‘sh, bioxilma-xillik o‘zi nima? Bu savolga ko‘pchilik “tabiat” yoki “yovvoyi hayvonlar”, deb javob beradi. Ammo bioxilma-xillik hayotning barcha turlarini va sayyoramizda mavjud tabiiy tizimlarni o‘z ichiga oladi.
Bioxilma-xillik turg‘un tushuncha emas. U tabiat barcha biologik qismlarining o‘zaro bog‘liqligi va bir-birini taqozo etadi. Ko‘pincha mazkur tushunchaning uch darajasi farqlanadi: turlarning biologik rang-barangligi, genetik rang-baranglik va ekologik tizimlarning rang-barangligi. Bu uch daraja jamuljam holda bioxilma-xillikni tashkil etadi. Shu sababli, mazkur darajalarning har birini asrash umuman bioxilma-xillikni asrash uchun muhim.
Biz “biosfera”da, ya’ni sayyoramizning jonli qismida yashaymiz. Biosfera – juda faol substansiya. Lekin o‘zining turli biologik qismlarining boyligi tufayli u hayotni asrash nuqtai nazaridan juda barqaror. Biosfera faqat biologik hayotning boyligi tufayli sirtdan ko‘rsatilgan ta’sirlarga dosh beradi.
Yerda hayotning rang-barangligi qancha kamaysa, biosferaning sirtdan aralashuvlarga ta’sirchanligi shuncha ortadi. Bioxilma-xillik qancha kam bo‘lsa, sayyoramizning uzoq muddatli istiqbolda yashab qolish imkoniyatlari shuncha oz bo‘ladi.
Bioxilma-xillik mamlakatimizda xalqning iqtisodiy, estetik, sog‘liqni saqlashga oid va madaniy farovonligining muhim manbai hisoblanadi. Ammo butun dunyoda bioxilma-xillik kamayib borayotgani, chunonchi, noyob genlar, turlar va ekologik tizimlar yo‘q bo‘lib ketayotgani yurtimizga ham tahdid solmoqda. Buning sababi bitta – odamlar. Odamlar shunday bir sharoitlarni yaratdilarki, ularda yo‘q bo‘lib ketgan turlar miqdori 65 million yil oldingi dinozavrlar davridan boshlab butun tarix mobaynida yo‘q bo‘lib ketgan turlar miqdoridan ham ko‘proq.
Agar bioxilma-xillik yo‘qolishining hozirgi tezligi saqlanib qolsa, odamlarning tabiiy yashash joylarini buzish, ifloslash, iqlimni o‘zgartirish borasidagi harakatlari natijasida sayyoramizdagi turlarning yarmi 100 yildan ham kamroq vaqt ichida yo‘q bo‘lib ketadi.
Masalan, so‘nggi 40 yil davomida baliq ovlash yiliga 20 million tonnadan 135 million tonnaga oshdi. Baliq zaxiralarining 75 foizi yo‘qolib ketdi. Shunga qaramasdan, Yer yuzida yashovchi insonlarning har beshinchisining ovqatlanish ratsioniga baliq kiradi.
Bioxilma-xillikka odamlar ta’sirining bosh omillari biologik resurslar iste’molining o‘sib borayotgani, insonning ishlab chiqarish faoliyati, qishloq xo‘jaligi hamda odamlar yashaydigan joylar kengayib borayotganidir.
Bu odamlar rivojlanish jarayonlarini, o‘z iste’moli, savdo-sotiq va hokazolarni butunlay to‘xtatishi kerak, degan ma’noni anglatadimi? Yo‘q. Ammo insonning hayot faoliyati va mavjudligi uchun ne’matlar ishlab chiqarish jarayonida bioxilma-xillikka ziyon yetkazmaslik va uni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yo‘llarini topish ustida barcha odamlar bosh qotirishlari lozim.