Bir guruh odamlar IIB xodimini do‘pposlagani aks etgan videoga izoh berildi

Kecha, 14 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organi xodimiga nisbatan fuqarolar tomonidan tan jarohati yetkazilayotgani aks etgan videolavha tarqatilgan edi.

Ushbu holat yuzasidan IIV ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2018 yilning avgust oylarida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi Sharilloq mahallasi hududida sodir etilgan bo‘lib, voqea tavsilotiga ko‘ra, hududning profilaktika inspektori, jamoat tartibini buzayotgan mast holdagi uch nafar fuqaroni tinchlantirish jarayonida shu atrofda bo‘lgan ayrim shaxslar tomonidan faol qarshilikka uchragan va unga nisbatan bir guruh fuqarolar tomonidan tan jarohati yetkazilgan.

Huquqbuzarlik sodir etgan barcha shaxslarga nisbatan o‘rnatilgan tartibda qat’iy qonuniy choralar ko‘rilgan.

Ichki ishlar vazirligi jamoatchilikdan, ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan videotasvirlarni tarqatishdan o‘zlarini tiyishlarini, ushbu harakatlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqarishini ta’kidlab o‘tgan.