Bir qator davlatlar “LDXR”ning Rossiya tomonidan tan olinishini qoraladi

Dunyoning bir qator davlatlari rahbarlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “LDXR” “mustaqilligini” tan olish haqidagi qarorini qoraladi. Ular o‘z bayonotlarini kecha, 21 fevral kuni kechqurun ommaga e’lon qilishdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyaning "LXR" va "DXR"ni tan olishi haqidagi farmonning imzolanishi diplomatik sa’y-harakatlarga putur yetkazishi va Ukraina suverenitetini buzishi haqida gapirdi:

"Prezident Putin tomonidan Ukraina sharqida o‘zini o‘zi e’lon qilgan "xalq respublikalari”ni bugun tan olishi xalqaro huquqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishi hisoblanadi hamda mojaroni tinch va siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan barcha diplomatik sa’y-harakatlarga jiddiy zarba bo‘ladi. Normand formati, Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotida yillar davomida olib borilgan sa’y-harakatlar ataylab va hech qanday sababsiz puchga chiqarildi”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Germaniya TIV matbuot xizmati.

Kanada tashqi ishlar vazirining vakili Melani Joli Robert Olifant, o‘z navbatida, “Rossiyaning qarori Minsk kelishuvlarini, BMT qoidalarini buzish va mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotganini” ta’kidladi.

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Putinning farmonini “Ukrainaga qarshi tajovuzkorlik harakati” deb atadi va Yevropa Ittifoqining zudlik bilan sammitini o‘tkazish va sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

"O‘zini o‘zi e’lon qilgan "respublikalarni” tan olish to‘g‘risidagi qaror muloqotni yakuniy rad etish va xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzishdir. Bu Ukrainaga qarshi tajovuzkorlik harakati bo‘lib, undan so‘ng zudlik bilan sanksiyalar ko‘rinishida aniq javob berilishi shart", deb yozdi u Twitterda.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili ham Moskva qarorini qoralab, buni 2008 yilda Abxaziya va Janubiy Osetiyani tan olish ssenariysining takrorlanishi deb atadi.

"Gruziya Rossiyaning Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarini tan olishini qoralaydi. Bu 2008 yildagi ssenariyning takrori bo‘lib, hududlarimizning 20 foizini bosib olishga daxldor. Gruziya prezident Vladimir Zelenskiyning yonida turadi va Ukrainaning hududiy yaxlitligi va tinchligini qo‘llab-quvvatlaydi", dedi u Twitterda.

Moldova, Daniya, Ruminiya, Avstriya, Litva, Latviya, Estoniya va boshqa davlatlar ham Rossiyaning “LDXR”dagi harakatlarini qoraladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni prezident Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazdi va unda Donbass masalasi muhokama qilindi. Bunga “LDXR” rahbarlarining “respublikalar” mustaqilligini tan olish haqidagi murojaati asos bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashidagi ba’zi ma’ruzachilar zudlik bilan "LDXR"ni Rossiyaga kiritishni taklif qilishdi.

Shu kuni oqshomida Putin “LDXR”ning “mustaqilligi” tan olinganini rasman e’lon qildi.