Birinchi printerni kim ixtiro qilgan?
“Yozadigan bola” – printermi yoki robot?
1770-yillarning boshlarida shveysariyalik soatsoz Per Jake-Dro (Pierre Jaquet-Droz) o‘z davri uchun ajoyib bir ixtiro qildi.
Usta yozayotgan bola qiyofasidagi qalam bilan 40 belgigacha bo‘lgan so‘z va jumlalarni chop etishga qodir dasturlashtirilgan android - avtomaton yaratib, o‘z ijodini “Kalligraf” (Xattot) deb atadi.
Qurilmaning tashqi ko‘rinishi kishini chalg‘itadigan darajada oddiy: bo‘yi taxminan besh yashar bolaga to‘g‘ri keladigan yalangoyoq, kichkinagina bolakay yog‘och stolda o‘tirib, qo‘liga qalam tutadi.
U qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydi. Biroq, ichida yozuv mashinkasini quvvatlantirish uchun 6000 ta harakatlanuvchi qism bir paytda ishga tushadigan haqiqiy muhandislik g‘oyasi yashiringan.
Xattot shunchaki so‘zlarni yozmaydi. U boshini siyohdon tomon o‘giradi, idishga qalamini botiradi, siyoh tomizib dog‘lar paydo bo‘lishining oldini olish uchun uni silkitadi. Avtomatning ko‘zlari yozuv matni bo‘ylab harakatlana oladi.
Soatsozlikning mashhur kashshofi Per Jake-Dro 1721 yilda Shveysariyaning La-Sho-de-Fon shahrida tug‘ilgan. U qushlar sayrashi ovozi kabi ovoz chiqaradigan, favvorali animatsion va musiqiy soatlarning mohir ijodkori, shuningdek, avtomatik mexanizmli - avtomatonlarni yaratgan ajoyib usta edi.
«Yozadigan bola» 1773 yilda usta tomonidan yaratilgan birinchi avtomatlashtirilgan qo‘g‘irchoq bo‘ldi.
“Avtomaton”ning tanasi yog‘ochdan, boshi chinnidan qilingan bo‘lib, soatsoz uni yasash uchun 20 oy vaqt sarflagan. Burab yurgiziladigan bola patli yozuv quroli bilan bo‘sh qog‘ozga «Men seni yaxshi ko‘raman, mening shahrim» yoki «Per-Jake Dro mening ixtirochim» kabi iboralarni chiqaradi, o‘z yozuvlariga o‘ychan boqadi, so‘ng qog‘ozni chiqarib tashlab, yana yoza boshlaydi.
“Bolakay” premerasini Dro 1774 yilda Parijda uyushtirdi. “Jonli” qo‘g‘irchoq endigina taxtga o‘tirgan Lyudovik XVI saroyidagi sensatsiya sababchisi bo‘ldi.
Hayratlanarlisi, bu mexanizm yaratilganiga ikki asrdan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, 250 yoshli robot hali ham ishlaydi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.