Biz bir necha asrga ortda qolib ketdikmi? Iqtisodchining g‘arb mamlakatiga sarguzashti...

Har safar chiptachiga yoki u bo‘lmagan taqdirda haydovchiga 1200 so‘m uzatsam o‘tgan asrning 90 yillar o‘rtasida bir rivojlangan mamlakatga xizmat safariga borganim esimga tushadi, deydi iqtisod fanlari nomzodi Farhod Qurbonboyev. 
Uncha katta bo‘lmagan g‘arbda joylashgan shaharcha... U yerda avtobuslarda chiptachilar yo‘q edi. Jamoat transportiga oldindan sotib olingan chipta-aboniment bilan kirish kerak edi. Uni topish qiyin emas. U har qanday savdo nuqtasida sotiladi. Avtobusga chiqish bilanoq chipta-abonimentni maxsus appartga solib, muhr urib olish talab etilardi xolos. Shu zahoti chiptada transportga chiqilgan vaqt muhrlanar edi. 
Ba’zida avtobusga ikkita erkak maxsus kiyimda chiqib turar edi. Ular yo‘lovchilarning o‘z-o‘zlarini chipta bilan ta’minlash tartibini tekshirib turar edi. Agar “quyon”ni ko‘rib qolishsa shu zahoti kerakli choralar ko‘rilar, yoki kerakli joyga qo‘ng‘iroq qilish bilan muammo hal bo‘lar edi. Lekin ikki hafta davomida biron marta “quyon”larni ko‘rganim yo‘q. 
Shahar jamoat transporti haydovchisi yo‘l haqi uchun yig‘iladigan pulga hech qanday aloqasi bo‘lmas edi. Uning vazifasi – jadval (grafik)ga qat’iy rioya etish va yo‘lovchilarni xavfsiz manzillariga yetkazib qo‘yishdan iborat edi. 
Birinchi savol. Nahotki biz chorak asrga orqada qolib ketdik? 
Esimda, o‘tgan asrning 70 yillarida poytaxt tramvaylarida chiptachi xolalar yo‘lovchilardan 3 tiyindan yo‘l haqini yig‘ib yurar edi. 
Ikkinchi savol. Nahotki biz yarim asrga orqada qolib ketgan bo‘lsak? 
Bunday to‘lov tizimi ehtimol bundan 100 yil avval Toshkentda jamoat transporti (tramvaylar) paydo bo‘lganda ham bor edi
Uchinchi savol. Nahotki biz bir asrga ortda qolgan bo‘lsak? 
Toshkentning bir nechta gavjum nuqtalarida “Qo‘yliq!”, “Yunusobod”, "Ippadrom", "Chorsu!", "Sergeli!"... deb baqirib chaqiruvchilar bor. O‘rta asrlarda sotuvchilar bozorlarda xaridorlarni shunday usulda chaqirar edi. 
To‘rtinchi savol. Nahotki biz bir necha asrga ortda qolib ketgan bo‘lsak? 
Qachon jamoat transportlari faoliyati aqlga sig‘adigan holda to‘g‘ri tashkil etiladi?