Bizda haydovchi va yo‘lovchi madaniyati qay darajada?
Xalq deputatlari viloyat Kengashining sakson sakkizinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Deputatlar dastlab Kengash huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining yangi tarkibini tasdiqlash, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishiga ruxsat berish hamda jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qilib, qarorlar qabul qildi.
2023-2024 yillarda sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish bo‘yicha tuman va shahar mahallalaridagi 214 ob’yektning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyat bo‘yicha mintaqaviy vakili D.Husanovning 2022 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.
Axborotda ta’kidlanishicha, viloyatdagi 37-, 38-manzil koloniyalarida viloyat hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida 560 nafar mahkum tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ammo ma’muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun maxsus qabulxonada monitoring tashrifi amalga oshirilgan kunda 161 nafar hibsga olingan shaxs saqlanganligi aniqlangan. Vaholanki, bu maskan 60 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, belgilangan me’yordan 101 nafar ko‘p shaxs saqlanayotgan ekan. Monitoring ma’lumotnomalari respublika darajasida ko‘rib chiqish uchun tegishli idoralarga yuborilgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibidagi vaqtincha saqlash hibsxonasi va reablitatsiya markazlari juda achinarli ahvolga kelib qolgan, yashash uchun sharoit yo‘q, binolar ta’mirtalab. Mavjud muammolarni ob’yektlarni boshqa joyga ko‘chirish yoki qaytadan ta’mirlash orqali yechish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining viloyat mahalliy byudjetining 2022 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti yuzasidan viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev axborot berdi.
– Prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi soliq turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, foyda solig‘i 11,8 milliard so‘mga, noruda qurilish materiallari uchun yer ka’ridan foydalanganlik uchun soliq 24,7 milliard so‘mga bajarilmagan, - dedi viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev. - Masalan, tasdiqlangan reja ko‘rsatkichlari viloyat byudjeti bo‘yicha 4,7 milliard so‘mga, Bulung‘ur tumanida 2,6 milliard so‘mga, Jomboyda 1,1 milliard so‘mga, Qo‘shrabotda 2 milliard so‘mga, Paxtachida 44 million so‘mga, Samarqand tumanida 908 million so‘mga, Nurobodda 6,6 milliard so‘mga, Urgutda 2,6 milliard so‘mga kam bajarilgan bo‘lsa-da, mazkur hududlar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari kamaytirilishi natijasida 39,3 milliard so‘m qo‘shimcha manba shakllangan.
Shuningdek, deputatlar yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i X.To‘xtayevning viloyatda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi faoliyati yuzasidan axborotini eshitdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosarlarining 2023 yil II chorakdagi faoliyati samaradorligi natijalarini tasdiqlash, Kengash reglamentiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, Kengashning 2023 yil II yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
– Joriy yilning 6 oyi davomida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 58 taga, tan jarohati olganlar 42 taga, hodisalarda halok bo‘lganlar 16 taga oshgan, – dedi Prezidentimizning 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan hisobot berar ekan, viloyat IIB yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozov. - Umumiy yo‘l-transport hodisalar Narpay tumanida 90 foizga, Paxtachida 82 foizga, Past Darg‘omda 74 foizga, Samarqand tumanida 39 foizga, Kattaqo‘rg‘on tumanida 32 foizga, Toyloqda 20 foizga, Jomboyda 16 foizga, Kattaqo‘rg‘on shahrida 28 foizga, Samarqand shahrida 19 foizga ortgan.
O‘lim bilan bog‘liq hodisalar Samarqand shahrida 171 foizga, Kattaqo‘rg‘on tumanida 150 foizga, Qo‘shrabotda 150 foizga, Paxtachi, Past Darg‘om, Ishtixon, Narpay tumanlarida 50 foizga, Urgutda 33 foizga ko‘paygan.
Deputatlar yo‘llarda yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq hisobotni tinglash jarayonida ushbu ayanchli holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Sessiyada “Faxriy murabbiy” ordeniga nomzodlarni tanlab olish, ularning faoliyatini o‘rganish va baholash bo‘yicha viloyat tanlov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi va boshqa tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.