Bizda tibbiy turizm ahvoli qanday?

Foto: uzdaily.uz

Mamlakat iqtisodiyotida turizm eng istiqbolli sohalardan. Ayniqsa, ulkan turistik salohiyatga ega bizning yurtda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yil davomida 5 million nafar chet ellik sayyoh O‘zbekistonga kelib ketgan. Shundan 94 foizi MDH davlatlaridan bo‘lsa, qolgan 6 foizi boshqa mamlakatlardan.

Qo‘shni Turkmanistondan kelgan har bir mehmon o‘rtacha 104 AQSh dollarlik xizmatlardan foydalangan bo‘lsa, tojikistonliklar 60 AQSh dollaridan sarflagan. MDH tarkibidan tashqari mamlakatlardan keluvchi sayyohlarning esa har biri 710 dollarlik turistik xizmatlardan foydalangan. Yana bir qiziq ma’lumot: bir yil davomida AQShdan kelgan mehmonlar 8 barobarga, Germaniyadan tashrif buyuruvchilar 2,6, italiyalik mehmonlar esa 3 barobarga oshdi. Bu raqamlarni yana bir necha barobarga oshirish mumkin. Buning uchun bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar bor oldimizda. Ulardan biri tibbiy turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratish.

Tibbiy turizm kishilarning asosiy yashash joylaridan tashqarida dam olish bilan birga yuqori malakali tibbiy yordam olishidir. Bunda tibbiy yordam bo‘lishi shart emas. Kishilar tog‘ yon bag‘irlarida, o‘rmonzorlarda, suv havzalari atrofida, tabiat qo‘ynida dam olib sog‘lig‘ini tiklashi, shu vaqtning o‘zida professional meditsina xizmatidan foydalanishi mumkin.

Isroildagi Gersliya Medikal markazi, Kineret ko‘li atrofidagi meditsina markazi (17 xildan ziyod mineral tuzlar mavjud) Golan tog‘ yonbag‘rlaridagi "Xamat Tveriya" dunyo­ga mashhur bo‘lib jahonning barcha davlatlaridan sayyohlar boradi.

"Patient's Beyond Borders" xalqaro tibbiy turizm tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bu soha daromadi xalqaro turizmga har yili o‘rtacha 40 milliard AQSh dollari miqdorida daromad keltirmoqda.

Birgina AQShda sug‘urta xarajatlarini qoplay olmaydigan xastalikka uchragan bemorlarning soni 110 milliondan ortiq. Davolanish xarajatlari Hindistonda yoki Tailandda 4 barobar, ayrim kasalliklarni davolashda esa 10 barobargacha arzon bo‘lganligi uchun amerikaliklar chet elda davolanishni afzal ko‘radi.

Kanada va Buyuk Britaniya fuqarolari esa davolanishda davlat sug‘urtasiga ega. Bu yerda mutaxassisga uchrashish juda ko‘p vaqt talab etganligi uchun (ayrim hollarda 2 yilgacha cho‘zilishi mumkin) chet elda davolanishni ma’qul ko‘rishadi.

Meditsina xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha hozirgi kunda Hindiston, Vengriya, Meksika, Singapur, Tailand, Braziliya, Janubiy Koreya, Turkiya davlatlari mashhur.

Braziliyada 4500 dan ziyod kosmetologiya jarrohlari 180 mingdan ziyod sayyohlarni davolagan bo‘lsa, tibbiy sayyohlar soni Turkiyada 110 ming, Hindistonda 400 ming, Singapurda 600 ming, Meksikada bir million, Tailandda 1,2 million kishiga yetgan.

O‘zbekiston Respublikasidagi sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan berilgan taklifnomaga asosan chet el fuqarolari uchun 3 oy muddatga yangi viza "Medical Visa" joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasida ham dam olish va sog‘liqni tiklash maskanlari mavjud. Chorvoq, Beldirsoy oromgohlari, "Mersian", "Botanika", "Turon", "Zomin" kabi 100 dan ziyod sanatoriylar butun dunyoga mash­hur. Hozirgi kunda yurtimizda 150 dan ziyod xususiy klinikalar, davolanish markazlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Tibbiy turizmni yanada rivojlantirish uchun bu kabi klinikalarni ko‘paytirish bilan birga yana bir qator ishlarni amalga oshirish lozim. Jumladan:

– nufuzli tibbiy markazlar qoshida pullik va bepul tibbiy yordam tizimini joriy etish;

– meditsina sug‘urtasini yo‘lga qo‘yish;

– aholiga meditsina xizmatini tashkil etishda nafaqat davlat yoki xususiy mulk formalaridan foydalanish, balki qo‘shma mulkchilikka asoslangan (masalan, davlat va xususiy, chet el) kasalxona, kooperativ, hissadorlik jamiyatlari kabi boshqa mulk formalariga asoslangan kasalxona, profilaktoriya, sanatoriyalar, sog‘lomlashtirish markazlarini tashkil etish;

– tibbiy turizm sohasida band bo‘lgan chet el shifokor mutaxassislarini jalb etish;

– mahalliy meditsina xodimlarini chet elda o‘qitish, malakasini oshirishni rag‘batlantirish. Bu yo‘nalishda ketgan sarf xarajatlar uchun soliq yukini kamaytirish;

– nodavlat tibbiy turizm ob’yekt­lar barpo etish lozim.

Gap tibbiy turizm haqida ketar ekan, bir necha omillar bizga ustunlik berishini ham hisobga olishimiz lozim. Viloyatda Omonqo‘ton tog‘idek shifobaxsh maskanlar, Nuroboddagi radonli suvlar kabi buloqlar yer yuzida kam. Bu ne’matlardan ham oqilona va samarali foydalanish vaqti yetdi.

Axtam NIZAMOV, SamDU iqtisodiy nazariya kafedrasi dotsenti.

Yulduz RAHIMOVA, SamDU magistranti.