Biznes-ombudsman bulung‘urlik fermerning buzilgan huquqlarini tikladi
Prezidentimizning 2019 yil 13 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan mahalliy hokimiyat va boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari Konstitutsiyaning xususiy mulk daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta’minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risidagi normalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat’iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Endilikda Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman):
- xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga (mulk huquqini noqonuniy cheklash va undan mahrum qilish, xususiy mulkka tajovuz qilish, mulkni topshirishga yoki mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilish) yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi;
- mansabdor shaxslar tomonidan suiiste’mol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘radi.
Shundan kelib chiqib, Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining mulk huquqlarini kafolatli himoya qilish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Bulung‘ur tumanidagi “Doniyor-T” fermer xo‘jaligining xo‘jalikka tegishli yer maydonlari tuman hokimining qarori asosida olib qo‘yilgan bo‘lsa-da, ushbu yer maydonida xo‘jalik tomonidan uzoq yillar davomida yaratilgan bog‘ va uzumzorlar uchun moddiy zarar to‘lab berilmayotganligidan norozi bo‘lib yozgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida tuman hokimining qarori asosida fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydoni tuman zaxira yerlari hisobiga qaytarib olinganligi va ushbu yer maydoni suv ombori qurish uchun O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli “Samarqand suv qurilish invest” davlat unitar korxonasiga ajratib berilganligi ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, baholovchi tashkilot “Doniyor-T” fermer xo‘jaligiga qarashli 3300 tup tok, 312 tup olma va 1716 tup nok daraxtlarining umumiy narxini 348 756 883 so‘mga baholagan bo‘lsa-da, tegishli idoralar tomonidan fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar to‘lanmasdan kelinayotganligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan joriy yilning avgust oyida Bulung‘ur tumani iqtisodiy sudiga “Doniyor-T” fermer xo‘jaligi manfaatini ko‘zlab da’vo arizasi kiritildi. Natijada “Samarqand suv qurilish invest” davlat unitar korxonasidan fermer xo‘jaligiga 348 756 883 so‘m undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilib, tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.
Jasur TURSUNOV,
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimi.