Blok-postdan giyohvandlik vositasini olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
2020 yilning 11 aprel kuni soat taxminan 18:45 larda Jizzax viloyati IIB va tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida M-39 avtomobil yo‘lining “Samarqand-Jizzax” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, “GENTRA” rusumli transport vositasi G‘allaorol tumani hududida tashkil etilgan blok postda to‘xtatib hujjatlari tekshirildi.
Tekshirish davomida avtomashina salonida bo‘lgan yo‘lovchi, 51 yoshli Sh.R. o‘zini shubhali tutganligi sababli xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganida, Sh.R.ning egnidagi shimining bel qismida 4 dona oq rangli polietilen paketlarga o‘ralgan holda og‘irligi 37,08 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sh.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda ko‘p miqdorda saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.