BMT Bosh Assambleyasi Rossiyani Inson huquqlari bo‘yicha kengash tarkibidan chiqarishga ovoz berdi
BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaning Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatuvchi rezolyusiyani qabul qildi. Rezolyusiyani 93 davlat qo‘llab-quvvatladi, 24 davlat qarshi ovoz berdi, 58 davlat betaraf qoldi. Ushbu qaror doirasida Rossiya ovoz berish huquqidan mahrum bo‘ladi, biroq Kengash yig‘ilishlarida qatnashishi mumkin.
Ukrainaning BMTdagi elchisi Sergey Kislitsa shunday dedi: “Rossiya armiyasi tomonidan minglab tinch aholi o‘ldirilgan, qiynoqqa solingan va zo‘rlangan, talon-toroj qilingan Bucha va Ukrainaning o‘nlab boshqa shahar va qishloqlari Rossiya Federatsiyasi inson huquqlari sohasida o‘zining dastlabki deklaratsiyasidan qanchalik uzoq ketganiga misol bo‘la oladi".
Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Gennadiy Kuzmin, o‘z navbatida, rezolyusiya loyihasini "AQShning o‘z hukmron mavqei va to‘liq nazoratni saqlab qolishga urinishi" deb atadi.
"Bizga qarshi qaratilgan uydirma materiallar, sahnalashtirilgan kadr va takroriy soxta feyklarga asoslangan bo‘htonni rad etamiz", dedi u. Kuzmin, shuningdek, Rossiya BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligini muddatidan oldin tugatishga qaror qilganini aytdi.
BMT Buchada sodir bo‘lgan voqealarni mustaqil tekshirishga chaqirmoqda. Kreml esa Rossiya qo‘shinlari tinch aholini nishonga olmaganini ta’kidlamoqda. Bu orada Germaniya ommaviy axborot vositalari «nemis razvedkasi rus harbiylarining Bucha shahrida tinch aholi o‘ldirilishi muhokama qilingan radio xabarlarini ushlagani» haqida xabar bermoqda.