BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi: O‘zbekistonning qanday rejalari bor?
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining faol a’zosi sifatida, shuningdek, o‘z mintaqasi – Markaziy Osiyoda o‘ziga xos mavqe va o‘ringa, ulkan salohiyatga ega davlat sifatida tashkilotning sessiyalarida qator dolzarb taklif va tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Xususan, kecha bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ham quyidagi takliflar ilgari surildi:
- pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazish;
- 2021 yil noyabr oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining o‘n yillik natijalari va istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish;
- 2023 yilda O‘zbekistonda atrof-muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi oltinchi Assambleyasini o‘tkazish;
- Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish;
- 2022 yil Orolbo‘yi hududida, Nukus shahrida “yashil energetika” bo‘yicha BMT bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro forumni o‘tkazish;
- Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish.
O‘zbekiston tomonidan bildirilgan tashabbuslar, nafaqat milliy manfaatlar, balki butun bir mintaqa va global miqyosda dolzarb bo‘lgan masalalarni o‘z ichiga oladi.
Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasida ham davlatimiz rahbari tomonidan afg‘on masalasida BMTning ta’siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozimligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistonning asosiy maqsadlaridan biri - 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish va bu reja BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga hamohangdir.
Albatta, bu juda katta marra. Bu ko‘rsatkichga erishishimiz uchun mamlakatimizning yalpi milliy daromadi hajmi oshishi va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushi hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra 4 000 AQSh dollaridan yuqori bo‘lishi talab qilinadi. Bu esa o‘z-o‘zidan erishiladigan natija emas.
Ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun esa qat’iy iroda, samarali islohotlar, ichki va tashqi siyosatda barqarorlikni mustahkamlash, barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish muhim o‘rin tutadi.
Dilnur A’ZAMOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi, “Kelajak liderlari” klubi a’zosi.