BMT Bosh kotibi: Dunyo favqulodda holat rejimiga o‘tishi kerak

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Glazgodagi konferensiyada iqlim bo‘yicha qator maqsadlarga erishish imkoni bo‘lmaganligini aytdi.

“Konferensiya ochilishida aytganimdek, biz global isishning 1,5 darajadan oshib ketishining oldini olish uchun tezlashishimiz kerak. Bizning mo‘rt sayyoramiz qil ustida. Biz hali ham iqlim falokati yoqasida turibmiz”, dedi Guterrish COP26 ga bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo favqulodda holat rejimiga o‘tishi kerak – “aks holda atmosferaga chiqindi tashlashni nolga yetkazish imkoniyati samarali bo‘lmaydi”.

U qazib olinadigan yoqilg‘i subsidiyalarini to‘xtatish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

Guterrishning ta’kidlashicha, ko‘mirdan bosqichma-bosqich voz kechish, uglerod narxini belgilash va zaif jamoatchilikning iqlim o‘zgarishining hozirgi ta’siriga chidamliligini oshirish kerak. U rivojlanayotgan mamlakatlarni iqlim inqiroziga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun 100 milliard dollar ajratish majburiyatiga chaqiruvini takrorladi.

"Ushbu konferensiyada biz bu maqsadlarga erisha olmadik", deb tan oldi Bosh kotib.

Vaholanki, insoniyat taraqqiyotga erishish uchun zarur vositalarga ega. Gap mamlakatlarda o‘rmonlarni kesishga qarshi kurashish, metan chiqindilarini keskin kamaytirish, uglerod neytralligi uchun xususiy mablag‘lar jalb qilish bo‘yicha majburiyatlari haqida bormoqda. Biz bu qadamlarni olqishlaymiz, ammo ular yetarli emas, dedi u.

Mutlaq ustuvorlik - bu o‘n yillikda issiqxona gazlari chiqindilarini tez va barqaror qisqartirish, xususan, 2010 yil darajasiga nisbatan 2030 yilga kelib chiqindilarni 45 foizga qisqartirishdir.

Avval BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 26-konferensiyasi (COP26) ishtirokchilari yakuniy bayonot matni bo‘yicha kelishib olishgan edi.

Kecha, 13 noyabr kuni e’lon qilingan qaror loyihasidagi ko‘mir energetikasi va qazib olinadigan yoqilg‘i subsidiyalarini bosqichma-bosqich to‘xtatishni talab qiladi. Shuningdek, global o‘rtacha harorat ko‘tarilishini sanoatgacha bo‘lgan davrdan 2 darajadan past ushlab turish va haroratning 1,5 darajadan oshishini cheklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish bo‘yicha uzoq muddatli maqsad tasdiqlandi.

Glazgodagi COP26 konferensiyasi 31 oktyabrda boshlanib, 12 noyabrda yakunlandi. Tadbirlar dasturiga ko‘ra, rasmiy muzokaralar bilan bir qatorda anjumanda jamiyatning barcha tarmoqlari va global iqtisodiyotning iqlimiy harakatlariga e’tibor qaratildi.