Bog‘cha bolalarini kaltaklagan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi
Urganch tumani 2-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi S.Sultonova o‘zi rahbarlik qiladigan guruh tarbiyalanuvchilariga nisbatan kuch ishlatayotgani aks etgan video keng ommaga tarqalgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur xabardan ko‘p o‘tmay Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati bayonot berib, ushbu holat vazirlik tomonidan nazoratga olinganini bildirdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, voqelik Urganch tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganildi. Unga ko‘ra, tumandagi 2-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi tayyorlov guruhi tarbiyachisi lavozimida ishlab kelayotgan S.Sultonova holat bo‘yicha tushuntirish berib, o‘sha kuni (holat 17 oktyabr kuni yuz bergan — tahririyat) muassasa mudirasi L.Qadirova bilan o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqani, o‘z guruhiga borganida tarbiyalanuvchilar bir-birlari bilan janjallashayotganini ko‘rib jahl bilan ularni kaltaklaganini, biroq ularga og‘ir shikast yetkazmaganini bayon qilgan.
Ushbu holat 2019 yil 25 oktyabr kuni viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlari, shuningdek tarbiyalanuvchilarning ota-onalari ishtirokida muhokama qilingan. Muhokama natijasiga ko‘ra, 2-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirining 25.10.2019 yildagi №113-sonli buyrug‘i bilan S.Sultanova o‘z vazifasidan ozod etildi.
Shuningdek, tarbiyachi S.Sultanova xatti-harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazib, qonuniy qaror qabul qilinishi uchun to‘plangan hujjatlar tuman IIBga yuborildi.