Bog‘chaga bormagan tadbirkor qishlog‘idan bolalar bog‘chasi qurib berdi
Bugun ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga press-tur tashkil etildi.
Dastlab, ishtirokchilarga Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “WILLAGE SCHOOL” nomli davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati tanishtirildi.
- Bolaligim mana shu Enamyaxshi qishlog‘ida o‘tgan, ammo bog‘cha yo‘qligi sabab, bog‘chaga bormaganman, - dedi ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotini davlat-xususiy sheriklik asosida qurib bergan tadbirkor Anvarjon Norboyev. – Shu sababli yaxshi niyatlar bilan aholining ko‘p yillik orzusini ushaltirish maqsadida 288 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar bog‘chasi qurishga bosh-qosh bo‘ldim. Bog‘cha ishga tushganiga besh oy bo‘ldi. Bu yerda aholi tarqoq joylashgan bo‘lib, bog‘chaga 15 ta qishloqdan 245 nafar bola qatnaydi, ularni avtobusda o‘zimiz olib kelamiz.
Keng adirlik bag‘rida qad rostlagan ikki qavatli zamonaviy bolalar bog‘chasida rus va ingliz tillarida mashg‘ulotlar olib boriladi. Raqs, shaxmat-shashka, kurash kabi to‘garaklar ham bolajonlarning har tomonlama yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishiga yordam beradi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Past Darg‘om tumanining "Qoqsoy" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan mobil guruh faoliyati bilan tanishdi. Mahallada 48 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar bo‘lib, ular 3 smenada mobil guruhlarga qamrab olingan. Viloyatning chekka hududlarida “Aqlvoy” loyihasi doirasida 5 ta “ISUZU” rusumli avtobus ichida bolalarga mashg‘ulotlar o‘tiladi. Shuningdek, bolalar uchun yozgi o‘yingohlar ham mavjud. Past Darg‘omdagi mazkur muassasada ham shu amaliyot yo‘lga qo‘yilgan.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar tumanning Hovuzak mahallasida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan ham tanishdi.
- Bolalarni yaxshi ko‘rganim sababli, oilaviy bog‘cha ochishga qaror qildim, - deydi oilaviy bog‘cha direktori Shahnoza Hasanova. – Dastlab, bog‘cha 25 o‘ringa mo‘ljallangan edi, talab kuchaygach, 2021 yilning yanvarida qamrovni 50 o‘ringa ko‘paytirdik. Mashg‘ulotlarimiz rus, ingliz tillarida olib boriladi. Bundan tashqari, badiiy gimnastika, taekvondo to‘garaklari ham bor.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda viloyatda 3498 ta MTTga 230 268 nafar bola (67,5 foiz) qamrab olingan.