Bog‘chalar kuz-qish mavsumiga tayyormi?

So‘nggi uch yilda Samarqand viloyatida davlat bog‘chalari 124 taga, xususiy bog‘chalar 66 taga, davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalar 84 taga va oilaviy nodavlat bog‘chalari 1307 taga ko‘paygan. Bugun viloyatda 2 145 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritib, ularga 337 121 nafar 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 176 498 nafari (52,4 foiz) qamrab olingan.

Bu haqda Matbuot uyida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i va sohaga tegishli mutasaddilar ishtirokida "Viloyat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish va pandemiya sharoitida faoliyatdagi asosiy jihatlar" mavzusida o‘tkazilgan anjumanda aytib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda bolalarning bog‘chalarga qamrovini oshirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, ta’lim-tarbiya sifati, pedagog kadrlarning malakasini oshirish, bog‘chalarning oziq-ovqat zaxiralari bo‘yicha ma’lumot berildi.

- Bugun bog‘chalarga bo‘lgan e’tibor tufayli farzandlarining ilk ta’lim olishini istayotgan ota-onalar ko‘paygan, - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Rahmonov. – Buni 70 mingga yaqin bolalar ta’lim olish uchun navbatda turganidan ham bilish mumkin. Ushbu navbatni kamaytirish, bolalarning bog‘chalarga qamrovini oshirish uchun ish olib boryapmiz. Birinchidan, investitsiya dasturi asosida davlat bog‘chalari sonini ko‘paytirayotgan bo‘lsak, ikkinchidan, davlatimiz tomonidan yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalangan holda davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarni ochish uchun tashabbuskor tadbirkorlarimizni jalb etyapmiz. 2020 yil davomida quvvati 5 150 o‘rinli 55 ta davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish rejalashtirilgan edi. O‘tgan 10 oy davomida 38 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, chekka hududlarda bolalarning qamrovini oshirishda qulay bo‘lgan oilaviy bog‘chalar soni ham yildan-yilga oshmoqda.

Tadbirda ta’kidlanishicha, viloyatda 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarga asosan 88 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining joriy ta’mirlash ishlariga 7,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bugungi kunda ta’mirlash ishlari yakunlangan. Viloyatdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 115 tasida qo‘lbola (burjuyka) pechlardan foydalanib kelayotganligi aniqlangan bo‘lib, ularning 52 tasi zamonaviy isitish tizimiga o‘tkazildi. Qolgan 63 ta MTTlardagi burjuyka pechlarni zamonaviy isitish tizimiga o‘tkazish ishlari joriy yilning 20 noyabr kuniga qadar to‘liq yakunlash belgilab olindi. Shuningdek, 718 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida foydalanilayotgan burjuyka pechlarining 628 tasi lokal isitish tizimiga almashtirilgan, 83 tasi bilan “Bitim”ni bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlangan va qolgan 5 tasida almashtirish ishlari davom etmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan tegishlicha javob olishdi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA,

Husan ELTOYeV olgan suratlar.