Bojasining uyiga o‘g‘rilikka tushgan fuqaroga jazo tayinlandi

Navoiy viloyati Konimex tumanida yashovchi, oliy ma’lumotli D.Aqlboyev (familiya o‘zgartirilgan) “Zirabuloq” gaz quvurlari boshqarmasi Oqtosh tumani filialida nazoratchi vazifasida ishlashiga qaramasdan, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilib, moddiy naf ko‘rish maqsadini ko‘zlagan.

U 2019 yilning 25 iyulidan 26 iyuliga o‘tar kechasi soat taxminan 01:30 larda Konimex tumani Navro‘z mahallasida yashovchi D.Aqlboyev bojasi T.Odinayevning yashash xonadoniga temir panjarali eshigi ustidan oshib o‘tish orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ushbu xonadonning yotoqxonasida turgan sport sumkasi ichidan unga tegishli bo‘lgan 13.000.000 so‘m miqdoridagi pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, voqea joyidan yashiringan.

Konimex tumani IIB tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlaridan so‘ng o‘g‘irlik jinoyatini uning bojasi D.Aqlboyev qilganligi fosh bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi tomonidan D.Aqlboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 2-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga oylik ish haqining 20 (yigirma) foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

F.QAHHOROV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi raisi.