Bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona tartiblari yanada takomillashadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 31 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona tartibotlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Qarordan maqsad avtomobil, temir yo‘l va havo transporti orqali O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona nazorati samaradorligini ta’minlash, bojxona tartibotlarini soddalashtirish, shuningdek, vaqtni hamda moliyaviy xarajatlarni qisqartirishdan iborat.

Qarorga ko‘ra, shunday tartib o‘rnatilyapti:

- vakolatli organlar tomonidan belgilangan tartibda beriladigan muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologiya xulosasi, ekologik sertifikat talab etiladigan tovarlarni “Yagona oyna” bojxona axborot tizimida ularning berilishi tasdiqlangan taqdirda O‘zbekiston hududiga import qilishga ruxsat beriladi;

- avval dastlabki bojxona deklaratsiyasi taqdim etilgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarish bojxona yuk deklaratsiyasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab 3 soat ichida amalga oshiriladi. Bunda xavflarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi tomonidan xavf aniqlangan holatlar bundan mustasno.

Mazkur qaror bilan Davlat bojxona qo‘mitasiga:

- milliy va xorijiy tashuvchilarga yoki boshqa manfaaatdor shaxslarga bojxona organlarining axborot tizimiga tovar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma’lumotlarni taqdim etish, ulardan foydalanish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini ishlab chiqish;

- 3 oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishga mo‘ljallangan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma’lumotlarni taqdim etish, ulardan foydalanish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini ishlab chiqish yuklatildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 sentyabrdagi 762-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi.

Ushbu qaror 2020 yil 3 apreldan kuchga kiradi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.