Bojxonachilar Bulung‘urdagi kafeda narkokurerni qo‘lga oldi
Giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxonachilar tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.
Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida giyohvandlik moddalarining oldi-sotdisiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Tezkor tadbir davomida Bulung‘ur tumanidagi kafelardan birida fuqaro M.M. shartli xaridorga 250,52 gramm marixuna giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, ushbu tuman hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro S.B.ning yashash xonadoni ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu shaxs o‘z xonadonida 3 ta shisha banka va idishlarda umumiy og‘irligi 276,6 gramm bo‘lgan marixuana giyohvandlik moddasini hamda hovlisida 1 tup kannabis giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.