Bojxonachilar yirik miqdordagi pirotexnika vositalarini yo‘q qildi

DBQ axborot xizmatining xabariga ko‘ra, Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, A.A. ismli shaxs hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan 67290 dona pirotexnika vositalarini noqonuniy sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyati nomiga olib kelingan yog‘och mahsulotlari orasiga yirik miqdordagi pirotexnika vositalari va biofaol qo‘shimchalar yashirilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tumani sudi hukmiga muvofiq umumiy qiymati 4 milliard 200 million so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi 102 118 dona pirotexnika vositalari hamda 5 613 dona sifati kafolatlanmagan biofaol qo‘shimchalar Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari hamda tegishli idoralar vakillari bilan hamkorlikda belgilangan tartibda yo‘q qilindi.