Bojxonadan o‘tayotgan 20 tonna rediska aslida 25 ming AQSh dollari qiymatidagi 22 tonna gilos ekanligi aniqlandi
Bugun meva-sabzavotlarimiz sifati va ta’mi bilan dunyoning barcha nuqtalariga yetib bormoqda. Shu boisdan ham Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda eksport faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu borada barcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha so‘nggi 2,5 yil davomida bir qator muhim farmon va qarorlar qabul qilinib, deyarli barcha imkoniyatlar yaratildi.
Deyarli barcha tovarlarni, shu jumladan meva-sabzavotlarni oldindan to‘lov, akkreditiv, bank kafolati yoki sug‘urta polisisiz, shuningdek eksport kontraktini tuzmasdan, invoyslar asosida eksport qilishga ruxsat berilganligi esa mahalliy mahsulotlarimizni yanada qisqa muddatlarda tashqi bozorlarga yetib borishiga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Vaholanki, ilgari amalda bo‘lgan va hozirda butunlay bekor qilingan meva-sabzavotlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish, ushbu mahsulotlarni “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati tomonidan e’lon qilinayotgan narxlardan past bo‘lmagan narxlarda eksport qilish, eksport kontraktlarini davlat idoralarida hisobga qo‘yish borasidagi talablar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini, ham mablag‘ini sarflanishiga sabab bo‘layotgan edi.
2019 yilning 1 martidan boshlab, bojxona rasmiylashtiruvi jarayoniga to‘laqonli ravishda joriy etilgan “Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi” ko‘magida joriy yilning o‘tgan davrida eksport rejimiga rasmiylashtirilgan 82 foiz tovarlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi.
Tovarlar eksportida yaratilgan keng imkoniyatlarga qo‘shimcha ravishda, bojxona organlari tomonidan eksport tovarlarining bojxona rasmiylashtiruvi 24 soat davomida - tunu kun amalga oshirilmoqda.
Afsuski, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni suiiste’mol qilayotgan ayrim “tadbirkor”lar berilayotgan imkoniyatlardan g‘araz maqsadda foydalanib, noqonuniy daromad orttirishga urinishmoqda. Ularning qing‘ir qilmishlari esa bojxona organlari tomonidan o‘z vaqtida fosh etilmoqda.
Masalan, 2019 yil 28 may kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan yuk avtotransportiga qiymati 3 ming AQSh dollariga teng 18,5 tonna lavlagi ortilganligi ma’lum qilingan. Farg‘ona viloyati Quva shahridagi “Z.Inomova” dehkon xo‘jaligiga tegishli ushbu mahsulotlar mazkur postdagi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skanerdan o‘tkazilganida, avtotransport vositasiga hujjatlarda ko‘rsatilmagan butunlay boshqa mahsulot – 13 ming AQSh dollari qiymatidagi 18.5 tonna o‘rik ortilganligi aniqlandi.
Mazkur postda aniqlangan yana bir xuddi shunday holatda esa Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “New Azia-Business” MChJ tomonidan eksport qilinayotgan, hujjatda 7 ming AQSh dollariga teng salkam 20 tonna rediska sifatida qayd etilgan mahsulot aslida 25 ming AQSh dollari qiymatidagi 22 tonna gilos ekanligi aniqlandi.
Yuqoridagi ikkala holatda qo‘shimcha 28 ming AQSh dollarini, ya’ni 240 mln. so‘mni noqonuniy o‘zlashtirishga uringan “tadbirkor”lar nafaqat o‘zlariga, balki tashqi bozorlarga mahsulot eksport qilayotgan halol va qonunga itoatkor tadbirkorlarimizga ham ziyon yetkazishini o‘ylab ko‘rishganmikan?!!
Bu kabi holatlar, mamlakatimizdan eksport qilinayotgan mahsulotlarga nisbatan xorijiy davlatlarning bojxona xizmatlari hamda boshqa nazorat organlarida ishonchsizlikni keltirib chiqarib, ularning xavf guruhiga kiritilishiga hamda halol va vijdonli tadbirkorlarimizga nisbatan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillarining qo‘llanilmasligiga olib keladi. Bu esa eksport mahsulotlarini xorijiy davlatlarda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda bojxona ko‘rigining 100 foiz amalga oshirilishi, ularning eksport narxlarini to‘liq o‘rganish boshlanishi, natijada mahsulotlarimizning tashqi bozorlarga o‘z vaqtida kirib bormasligi kabi noqulayliklarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, eng asosiysi, mahsulotlarimizning tashqi bozorlardagi narxi oshib, raqobatsiz bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi.
Xo‘sh, yuqoridagi qonunbuzilishlarni sodir etgan “uddaburonlar” qing‘ir xatti-harakatlari bilan nimaga erishdi?
Endilikda ular tomonidan amalga oshiriladigan eksport va import operatsiyalari “Xavfni boshqarish tizimi”da yuqori xavf darajasiga mansubligi belgilanib, “qizil” yo‘lakka yo‘naltiriladi. Bu esa ushbu “tadbirkor”lar soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan muayyan muddatga foydalana olishmaydi, pirovardida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayoniga sarflaydigan vaqti va xarajatlari oshadi deganidir.
Shuni unutmangki, qonunga itoatkor tadbirkorlar hamisha qonun himoyasidadir!
Davlat bojxona qo‘mitasi.