Bolasini sotayotganda ushlangan samarqandlik ayolga bolasi qaytarib berildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura departamenti xodimlari tomonidan 5 million so‘mga o‘z farzandini sotayotgan vaqtida ushlangan 38 yoshli ayolni Xotin qizlar qo‘mitasi kafillikka olgan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Konimex tuman bo‘limi xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorlikda o‘tkazilayotgan tezkor tadbir davomida, tadbirga shartli xaridor sifatida jalb qilingan ayolga, Feruza Almamatova o‘z farzandini 5 million so‘m evaziga sotgan edi.
U o‘z farzandini sotishi sababi sifatida tug‘iladigan bolasini boqa olmasligini, turmush o‘rtog‘ining yoshi katta ekanligi, bolasini voyaga yetkazish uchun turmush o‘rtog‘ini umri yetmasligini, bolani bir o‘zi katta qila olmasligini, shuning uchun bolasini sotishga majbur bo‘lganini aytgan.
“Jahon.uz” nashri xabariga ko‘ra, ushbu jinoyat ortidan, Karmana tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Shermatova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismining“a” bandi bilan sudlanayotgan Almamatova Feruza Absamiyevnaga nisbatan Sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlansa, Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida uni to‘liq nazorat qilib, ish bilan ta’minlab, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratib berishini bildirib, bu haqda kafolat xati taqdim qilgani aytildi.
Sudlanuvchi Feruza Almamatova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topildi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 4 (to‘rt) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi va unga sutkaning kech soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklandi.
Navoiy viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida saqlanayotgan 2019 yil 4 mart kuni tug‘ilgan G‘. M. K. hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng onasi F.Almamatovaga qaytarildi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Farzandi o‘ziga qaytarilgan F. Almamatova yana jigarbandini sotib yubormasligiga kim ishonadi. Kafillikka olgan Xotin-qizlar qo‘mitasi Samarqandda IIB xodimi tomonidan yechintirilgan o‘g‘ri ayolni ham kafillikka olgan va hech qancha vaqt o‘tmasdan u ayol o‘g‘irlikda ayblanib qamalib ketgandi.
Xulosa o‘zingizdan, biz faqat hammasi yaxshilik bilan tugashi tarafdorimiz.