Bo‘lgan voqea: Ovchi yigit va bo‘ri
Bir kuni ovchi yigit miltig‘ini yelkasiga ilib, bo‘ribosar itini yetaklab toqqa ovga chiqdi. Tog‘da bir nechta bedana va kaklik otdi.
Ovi baroridan kelgan ovchi xush kayfiyatda tog‘dan pastga tushayotgan mahal ko‘zi bir g‘orga tushibdi. Asta g‘orga kirib qarasa, ichkarida urg‘ochi bo‘ri bolalarini emizib yotganmish. Ovchi yigitni ko‘rgan ona bo‘ri tishlarini ko‘rsatib irillabdi. Yigit shosha-pisha urg‘ochi bo‘rini otib o‘ldiribdi. Bo‘ribosar esa bo‘ri bolalarini g‘ajib tashlabdi.
Ovchi oqshomda uyiga qaytib kelibdi. Do‘stlarini uyiga chaqirib ziyofat beribdi. Ziyofat yarim tungacha davom etibdi.
...Tongda ovchi yigit hovlidagi shovqindan uyg‘onib ketib, yugurib tashqariga chiqsa... hovlining o‘rtasida buzoqdek keladigan bahaybat bo‘ri turar, yonida esa... ovchi yigitning 5 yoshli qizi uning dumidan tortar va:
- Dada, qarang, kuchuk, ka-at-ta kuchuk! - deb baqirardi.
Yigitning vujudi soniyada muzlabdi. U kecha tog‘da o‘zi o‘ldirgan bo‘ri bolalarining otasi edi.
Yigitning shuurida "Tamom! Qizchamdan ayrildim! Bo‘ri qasos olgani keldi!" degan fikr yarq etibdi. Shunda erkak bo‘ri asta qizaloqning ustiga engashib, uning yuzlarini iskabdi va yigitga qarab mungli ovozda uvlabdi. Masofa qanchalik uzoq bo‘lmasin, yigit bo‘rining ko‘zlaridan oqqan yoshni ko‘rib turardi.
Bo‘ri chaqmoqday tezlik bilan yugurib devordan sakrabdi va ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Ovchi yigitning rangi oqarib ketgan, bo‘lishi muqarrar bo‘lgan mudhish voqeadan qo‘rqqanidan butun vujudidan ter quyilar, oyoqlari qaltirar, tili kalimaga kelmasdi.
Arang qadam bosib borib, qizchasini quchoqlab, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ha, bo‘ri uning farzandini avaylagan edi. Hatto shu tilsiz, ongsiz, eng vahshiy jonzot ham bolaga rahm qilgandi. U esa inson bo‘la turib bo‘ri bolalariga achinmadi...
Yigit miltig‘ini toshga urib sindirib tashladi va qaytib ov qilmaslikka qasam ichdi.