Bo‘lgan voqea: Vijdon qurboni
Uning padari buzrukvori nihoyatda salohiyatli, ziyoli, kayvoni inson edi. Nafaqat oilasida, mahallada ham ma’naviyatda yurish-turishi bilan barchaga ibrat ko‘rsatar edi.
Tabiiyki, o‘g‘liga ham shunday tarbiya berdi. Shu boisdan U bolaligida, maktabda o‘qiganida atrofdagilar bilan juda shirin muomala qilar, duch kelgan kishiga albatta salom berardi. Tag‘in, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib "Assalomu alaykum" deb salomlashardi. Ochig‘i, odamlar Unga havas qilishar va "Otasining bolasida" deb qo‘yishardi.
U maktabda ham yaxshi o‘qidi, oliygohda ham. Ustozlariga ehtiromni joyiga qo‘ydi. Hatto o‘qishni tugatib, shahardagi kichik tashkilotning biriga xodim sifatida ishga kirganida ham xonasiga kirganlar bilan o‘rnidan turib ko‘rishardi.
…Hayot nomutanosibliklarga shunchalik boy ekanki, ba’zan ertalab ko‘rgan voqeang kechqurunga borib boshqacha bo‘lib ro‘parangdan chiqadi. Ayrimlar shunchalik tez o‘zgarib ketyaptiki, gohida ishonging kelmay qoladi.
Unda ham shunday bo‘ldi, chunki Uni bo‘lim boshlig‘i qilib qo‘yishdi. Yo‘q-yo‘q, ko‘rishmaydi emas, faqat "salom" deydigan bo‘ldi. Yillar o‘tib, shu tashkilot boshlig‘iga o‘rinbosarlikka tayinlandi. Endi U yoshidan qat’i nazar, xodimlaridan salom kutib turar, alik o‘rniga esa "yaxshimisiz" deb qo‘yardi. Yomoni shundaki, o‘zidagi bu o‘zgarishni U sezmasdi. Ehtimol, mansabning salohiyati ta’sir qilgandir.
Yana yillar o‘tgach, shu tashkilotga rahbar bo‘ldi. Voajab… Xonasiga kirgan kishilar Unga qarab qo‘lini ko‘ksiga qarab salom berishsa, bosh irg‘ab qo‘yadigan, imo-ishora bilan "o‘tir" yoki "boraver" deydigan bo‘ldi. Mahallada ham anchagina ilgari o‘zi birinchi bo‘lib salom beradigan onaxon va otaxonlarga mashina oynasidan boshini qimirlatib o‘tadigan bo‘ldi.
Ammo… U o‘zidan katta rahbarlar bilan hamon otasi o‘rgatganidek salom-alik qilardi. Tavba, mansabning kuchi shunchalik qudratlimi-a?! Ba’zilar shu boshliq nahotki o‘sha biz bilgan kayvoni, ma’rifatli insonning o‘g‘li, deb hayron bo‘ladigan bo‘ldi.
Hayotning o‘zgarishi, shafqatsiz vaqtning o‘tishi Uning o‘zgarishidan kuchliroq chiqdi. Mavridi keldimi, xato qildimi, bilmadik. Ammo lavozimidan olishdi. Bir muddat uyda o‘tirgach, zerikdi, chunki so‘rab keladigan odami sanoqli edi, hatto ular ham birin-ketin oyoq uza boshlashdi.
U o‘zicha avvalgidek ko‘chaga chiqdi. Lekin atrofdagilarning birortasi to‘xtab, salom bermaydi, beparvo o‘tib ketishadi. U esa shosha-pisha "Assalomu alaykum" deganida ham ayrimlari yo bosh irg‘aydi yoki "salom" deb qo‘yishadi. U davr qurboni emas, vijdon qurboni bo‘lganligini anglay boshladi. Albatta, tili o‘tkirlardan birortasi piching qilgan bo‘lsa ham ajab emas. Hatto odamlarning kechirmasligini ham anglab yetdi. Hazrati insonlar bilan, otaning saboqlari bilan, ibrati bilan hazillashish mumkin emasligini tushundi. Ming afsuski, vaqt o‘tgan edi.
U bugun ertalab turib, otasining qabriga bordi. Quyoshning zarrin nurlari qabrning bir tomonini jilvaga bo‘yab turardi. Marmar toshdagi suratga qarab yuragi to‘lib ketdi.
- Assalomu alaykum, otajon… Meni kechiring.
U otasining javob bermasligini biladi. Endi Xudoning oldida o‘zi javob berishi kerakligini ham biladi. Shu sababli tilovat qilgach, o‘rnidan turib, quyosh nurlari bilan birga yana o‘sha bo‘m-bo‘sh uyiga qarab yurdi.
Tohir HAMIDOV,
Kattaqo‘rg‘on shahri.