Bosh vazirga murojaat yo‘llagan oqsoqolni kaltaklagan ayollar videosi o‘rganilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda “Bosh vazirga murojaat yo‘llagan oqsoqolning bir nechta ayollar tomonidan kaltaklangani va haqorat qilingani videosi tarqalmoqda” sarlavhali videoga Samarqand viloyati IIB munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 22 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i nomiga Kattaqo‘rg‘on shahar Ulug‘bek Barnoyev ko‘chasi, 133-uyda yashovchi fuqaro Hamrayev O‘ktam Axmatovich ariza bilan murojaat qilgan.

Murojaatda 2020 yil 21 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi bosh arxitektori Nodir Xamraqulov unga qo‘ng‘iroq qilib, shahar hokimligiga kelishini so‘raganligi, u shahar hokimiyati binosiga kelgan vaqtida fuqarolar E.B., uning ukasi E.B. hamda ularning oila a’zolari bo‘lgan bir nechta ayollar uni yuzlariga qo‘llari bilan urganligini bildirib, ushbu fuqarolarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Fuqaro O‘.Hamrayevning arizada ko‘rsatgan vajlari va u tomonidan taqdim qilingan “SD” kompakt diskidagi video va audio fayllar o‘rganilib, surishtiruv ishlari olib borildi.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida aniqlanishicha, fuqaro O‘.Hamrayev Kattaqo‘rg‘on shahar, Go‘zalkent MFYda yashovchi, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi kommunal-maishiy xizmat bo‘limida shirkat raisi bo‘lib ishlovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro E.B.ning harakatlaridan norozi bo‘lib, bu haqida yuqori turuvchi tashkilotlarga shikoyat qilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahri hududidagi sanitariya va boshqa holatlarni o‘zining qo‘l telefoniga tasvirga olib, tanqidiy videolavhalar tayyorlagan. Ushbu videolavhalarni internet tarmog‘iga joylab kelayotgan. Shuning uchun fuqarolar O‘.Hamrayev va B.E.lar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Ular bir necha marotaba o‘zaro janjallashib qolgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Bosh vazirga murojaat yo‘llagan oqsoqolning bir nechta ayollar tomonidan kaltaklangani va haqorat qilingani videosi tarqalmoqda” nomli videoda fuqaro O‘.Hamrayevni fuqaro B.E.ning onasi M.N., qaynonasi J.A., singlisi M.X. va tanishi Ye.B. ismli ayollar haqorat qilib, urayotganligi, ushbu holatni videotasvirga olayotgan fuqaro B.E. ekanligi aniqlanib, hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.