Boshqirdiston respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Samarqandga keldi
- 08.04.2019 14:17
- 120
- Samarqand
Bugun viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov Boshqirdiston respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ilshat Faraxmanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Mehmonlar viloyatimizdagi intensiv bog‘larda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, asalarichilikni rivojlantirish masalalari xususidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Bu borada ikki tomon imkoniyatlari muhokama qilindi.
– Yurtingizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jahon bozorida o‘z o‘rniga ega, – deydi Boshqirdiston Savdo-sanoat palatasining O‘zbekistondagi vakili Marsel Asfandiyarov. – Shu bois tadbirkorlarning meva-sabzavot mahsulotlari bilan bir qatorda quruq meva yetishtirishdagi tajribalariga qiziqish katta. Bu haqda uchrashuv davomida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida memorandum imzolash niyatidamiz.
Tashrif davomida mehmonlar viloyatdagi intensiv bog‘lar bilan yaqindan tanishdi.