Britaniya vaksinasining ko‘ngilli sinov ishtirokchisi Braziliyada vafot etdi

Braziliyada 28 yoshli shifokor vafot etdi. U Oksford universiteti va AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi hamkorligida yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina sinov dasturida ko‘ngilli qatnashchilardan edi. O‘lim sababi qilib COVID-19ning og‘ir asoratlari ko‘rsatilmoqda. Ammo erkakka vaksina yoki platsebo (hech qanday xususiyatga ega bo‘lmagan, bemorning o‘z-o‘zini ishontirishi orqali ta’sir ko‘rsatuvchi zararsiz modda) yuborilganligi noma’lum.
Bir paytning o‘zida Braziliya bo‘ylab AstraZeneca vaksinasini tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro dasturda 8 ming kishi ishtirok etmoqda, deya aniqlik kiritdi Rio-de-Janeyroda testlar o‘tkazayotgan D’Or instituti mutaxassislari. Bunda ularning yarmiga vaksina dozasi, qolgan yarmiga platsebo yuborilgan.
Reuters agentligining yozishicha, agar vafot etgan ko‘ngilliga sinalayotgan vaksina yuborilganligi aniqlansa, preparatni sinash to‘xtatiladi. Hozircha Oksford universitetida vaksinaning mutlaqo xavfsizligini ta’kidlashmoqda. Universitet rasmiy vakilining bildirishicha, ko‘ngillilardan biri vafot etganiga qaramay, preparatni sinovdan o‘tkazish davom etadi.
Britaniyaning Daily Star nashri Braziliyadan kelgan ko‘ngillilar koronavirusga qarshi sinalayotgan preparatni iyunda - klinik sinovlarning uchinchi bosqichida qabul qila boshlaganini ta’kidlashdi. Nashr ma’lumotlariga binoan, San-Paulu, Rio-de-Janeyro va Salvadordan jami 4 ming nafardan ziyod braziliyalik ko‘ngillilar tadqiqotga jalb qilingan.
Daily Star nashrining xabar berishicha, iyulda Oksford universiteti va AstraZeneca antikovid vaksinasining birinchi sinov natijalari uning xavfsizligi va immunitet reaksiyasiga egaligini e’lon qilishgan edi. O‘shanda tadqiqotda 1077 kishi ishtirok etgandi. Vaksinani qo‘llash natijasida ularda COVID-19 ga qarshi kurasha oladigan antitela ishlab chiqilgani ma’lum bo‘ldi.