Bu haqda sessiyada aytildi: Tashkilotlar tomonidan davlat xaridlari va boshqa sarf-xarajatlarga oid jamoatchilikka ochiqlanishi shart bo‘lgan ma’lumotlar e’lon qilinmagan
Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ochiqlik siyosati bilan bog‘liq bir qator hujjatlar ijrosi muhokama etildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayevning hisobotiga ko‘ra, Prezidentning tegishli farmoni bilan tasdiqlangan ilovada barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan.
Farmon bilan joriy etilgan tartibga binoan 10 mart sanasiga qadar hisobotlarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berilishi lozim.
Biroq, korxona-tashkilotlarning birortasi amalga oshirilgan davlat xaridlari, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar); mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlar; korxonaning yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portaliga yoki o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirmagan.
Bundan tashqari, Prezident farmoni bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Davlat test markazining takliflari ma’qullanib, ayrim turdagi imtihonlarni o‘tkazish jarayoni Internet tarmog‘ida jonli efir orqali uzatish tartibi belgilab berilgan edi.
Biroq, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar; oliy ta’lim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari; respublikadagi yoki xorijdagi oliy ta’lim muassasasidan mahalliy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar; xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlarini onlayn rejim orqali uzatib borish yo‘lga qo‘yilmagani aytildi.
Viloyat kengashida mazkur holatlar tanqidiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi. Jamoatchilikka ma’lumotlarni tegishli tartibda oshkor etmagan tashkilotlar borasida OAVda chiqishlar tayyorlanishi ham aytib o‘tildi.