Bu hududda kompas ishlamaydi, baliqlar qornini osmonga qaratib suzadi

“Atlantika qabristoni”, “Kulfat keltiradigan dengiz”, “O‘lim uchburchagi”...

Atlantikaning Bermud uchburchagi hududi ana shunday nomlar bilan dong taratgan. Bu bejiz emas, hududda sodir bo‘ladigan dahshatli hodisalar qanchadan-qancha kemalar, samolyotlarni odamlari bilan domiga tortgan. Bu hozir ham ro‘y berib turadi. Halokatlar sabablarini esa hech kim izohlab berolgani yo‘q.

Bu yerda quturgan shafqatsiz dovullar, uzoq davom etadigan dahshatli to‘fonlar ro‘y berib turadi, goh kemalarni suv qa’riga tortib ketadigan girdoblar hosil bo‘ladi. Xristafor Kolumb kema jurnaliga okeanning shu qismida suvda nur taratib turgan g‘alati yog‘duni qayd etgan. Bu jumboq “dog‘” hozirgacha, doimiy ravishda paydo bo‘lib turadi. Uning yorug‘i shunchalik yorqinki, hatto uni kosmosdan kuzatish mumkin.

Bular Bermud uchburchagi bilan bog‘liq hodisalarning hammasi emas. Ushbu hududda mo‘ljal olish priborlari buziladi, radio uzatgichlar ishlamay qoladi, kompas millari shimolni ko‘rsatishdan to‘xtaydi va o‘zi xohlagan tomonga aylanadi. Hatto qornini osmonga qaratib suzayotgan baliqlarni ham kuzatish mumkin bu yerda.

Bermud uchburchagi hududiga kirgan kemalar, samolyotlar hech qachon omon chiqmagan. Suv qa’ri son-sanoqsiz cho‘kkan kemalar, qulagan samolyotlar bilan to‘la. Xatarli bu hududdu o‘rganish, sirli hodisalar sababini aniqlashga bel bog‘layotgan ekspeditsiyalarning aksariyati uchburchakda dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan.

“Sirli hodisalar antalogiyasi” asosida T.Shomurodov tarjimasi.