Bu yil yozgi oromgohlar 21 ming nafardan ortiq bolani qabul qiladi
Joriy yil yoz mavsumida viloyatimizdagi oromgohlarda 21 ming 130 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Mavsumga oromgohlarni tayyorlash, bolalarning sifatli sog‘lomlashtirilishi va dam olishini tashkil etish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilangan.
Unga ko‘ra, 9 630 nafar bola Samarqand shahridan tashqarida joylashgan tumanlarning olis qishloqlaridagi 20 ta oromgohga yuboriladi. 11 500 nafari kunduzgi oromgohlarga jalb etiladi.
Shuningdek, sanitariya qoidalari va talablari asosida barcha sharoit va qulaylikka ega bo‘lgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari xohish-istaklari inobatga olingan holda “Sog‘lomlashtirish maydonchalari” tashkil etiladi.
Oromgohlarda bolajonlar uchun ko‘ngilochar madaniy va sport tadbirlari o‘tkaziladi. Ingliz tili mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiyotgan iqtidorli talabalar oromgohlarga imtiyozli shartlarda qabul qilinadi. Eng muhimi, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari oromgohlarga bepul jolashtiriladi.
Bu yilgi mavsumga tajribali tarbiyachi, yetakchi va to‘garak rahbarlari yuboriladi. Oromgohlarda ko‘chma kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, tashkilotlar bilan hamkorlikda maktabdan tashqari ta’lim musssasalarida, sport maktablarida, axborot-resurs markazlarida oromgohlarga jalb etilmagan bolalarning bo‘sh vaqtlari ham mazmunli tashkil etilishi rejalashtirildi.
Dam olish mavsumining boshlanishi va oromgohlarga qabul koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat hamda bu borada respublika, viloyat komissiyalarining xulosalari asosida amalga oshiriladi.
Husan Eltoyev.