Bu yilgi test sinovlarida abituriyentlar uchun qanday yangiliklar bor?
Abituriyentlar uchun bu yilgi test sinovlari qanday tashkil etiladi? Kimlar hujjat topshirishda to‘lov qiladi? Umuman, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda qanday yangiliklar bor? Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati shu’basi mudiri Vohid Sirliboyev bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
- 2023 yil 1 yanvardan Davlat test markazi tugatilib, Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil etildi. Endi nimalar o‘zgaradi?
- Ta’lim, fuqarolarimizning ta’lim olish huquqlari, raqobatbardosh, ulug‘ ajdodlarimizga munosib salohiyatli avlodni shakllantirish davlatimiz siyosatining asosini tashkil etadi hamda islohotlarning asosiy ob’yekti hisoblanadi.
Davlat test markazida butun faoliyat aynan ushbu islohotlarni sifatli amalga oshirishga qaratib kelindi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etildi.
2022 yil davomida Davlat test markazi tomonidan 52 turdagi test sinovlari o‘tkazildi. Ularda 2 million nafardan ortiq talabgor qatnashdi. Davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul test sinovlari shu 52 turdagi test sinovlarining biri, xolos. Ma’muriy islohotlar doirasida Bilim va malakalarni baholash agentligiga qo‘shimcha, masalan, xorijiy mamlakatlarda berilgan oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishni tashkil etish, ta’lim va fan sohasi tashkilotlari tomonidan beriladigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish hamda o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Jahon tajribasidan kelib chiqib, abituriyentlar test topshiriqlarini yechishda yordam tariqasida kimyoviy elementlar davriy jadvali, fizik kattaliklar va shartli belgilashlar jadvali, matematika, fizika, kimyo fanlaridan asosiy formulalar jadvali bilan ta’minlanadi, tanlovda ishtirok etishda davlat granti ustuvorligini belgilash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovlariga surdotarjimonlar jalb etiladi. Eng asosiysi, test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash bilan birga, abituriyentlarga qulayliklar yaratishga e’tibor qaratiladi.
- Bu yilgi test sinovlari yopiq maydonlarda o‘tkazilishi aytilyapti, Samarqandda test sinovlari qaysi binolarda bo‘ladi?
- Bu yil ham test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan ikki xil variantda ochiq va yopiq maydonlar reja-chizmalar tayyorlandi. Hozirda katta sig‘imli yopiq binolar – SamDU akademik litseyi sport zali, Jismoniy madaniyat fakulteti sport zali, Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 4 ta sport zali, Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati 3 ta sport zalida o‘tkazish rejalashtirilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishimiz kerak, ijtimoiy tarmoqlarda 92 ta yopiq binolarda o‘tkazilsa, shaffoflik qay darajada ta’minlanadi, degan savollar paydo bo‘ldi. Yopiq binolar deganda OTMlar yoki maktablar binolari emas, balki katta sig‘imli pavilon hamda sport zallari nazarda tutilyapti. Bu bo‘yicha 2018, 2019 yillarda kirish test sinovlari o‘tkazilgan, yetarlicha tajriba to‘plangan, abituriyentlarga soya, salqin pavilonlarda barcha sharoitlar yaratiladi.
- Davlat test markazi binosi qurilayotgani haqida eshitgandik, qayerda qurilyapti va qachon topshiriladi?
- DTM viloyat bo‘limini joylashtirish bo‘yicha Past Darg‘om tumani Kamolot mahallasi hududida namunaviy loyiha asosida 1200 o‘rinli zamonaviy qulayliklarga ega bino qurilishi davom etmoqda.
- Bu yilgi test savollari o‘tgan yilgidan nimasi bilan farq qiladi?
- Test topshiriqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, abituriyentlarning mantiqiy fikrlashini, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtirilgan holda ishlab chiqiladi.
Joriy yilda ham ishlab chiqilgan namunaviy test topshiriqlari fevral, mart, aprel va may oylarida respublikaning barcha hududlarida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Aprobatsiya natijalari bo‘yicha testologiya va pedagogik o‘lchovlar nazariyasi asosida statistik tahlil amalga oshirilib, ushbu tahlil natijalari fan mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ekspertlar tavsiyalari asosida test topshiriqlari yanada takomillashtirilib, jarayonlardan o‘tgan test topshiriqlari amaliyotda foydalanish uchun joriy qilinadi.
Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida abituriyentlarga
2 ta mutaxassislik fanidan 30 tadan 60 ta test topshirig‘i;
3 ta majburiy fandan 10 tadan 30 ta test topshiriqlari beriladi.
Bunda mutaxassislik fanlaridan test variantlari 3 ta qiyinlik darajasidagi (oson, o‘rta, qiyin) test topshiriqlaridan shakllantiriladi.
- Kimlar hujjat topshirishda to‘lov qiladi? Abituriyent xorijdan turib ham OTMga hujjat topshira oladimi?
- Bu yilgi qabul jarayonlarida ham oldingi yillardagi kabi joriy yil bitiruvchilari, nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotidagi, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxslar va ularning farzandlari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar test sinovlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi. Yuqorida keltirilgan toifadan boshqa abituriyentlar test sinovlarida qatnashish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. Abituriyent my.uzbmb.uz tizimi orqali xorijdan turib ham onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin, bunda o‘z shaxsiy kabineti orqali test sinovlari uchun to‘lovni amalga oshirib, belgilangan sanada, o‘zi xohlab ko‘rsatgan manzilda test sinovlarida ishtirok etish imkoniyati yaratilgan.
- Abituriyent qancha OTMga hujjat topshira oladi?
- Bu yilgi qabul jarayonida ham abituriyentlarga xohlagan oliy ta’lim muassasasi uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish, shuningdek, 5 tagacha ta’lim yo‘nalishi shaklini, test sinovlarini o‘ziga qulay bo‘lgan hududda topshirishni tanlash imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
- Bu yilgi maktab bitiruvchilari ID-kartasi bo‘lmasa, OTMlarga hujjat topshira olmaydimi?
- Abituriyentlar OTMlarga kirish imtihoniga tegishli hujjatlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishlari uchun o‘zlarining pasport (ID-karta) va attestat ma’lumotlarini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami – JShShIR) Bilim va malakalarni baholash agentligining elektron dasturiga kiritish talab etiladi. Shu sababli ID-kartasiz OTMga kirish uchun onlayn ariza topshirib bo‘lmaydi. ID-karta olish uchun o‘zlari yashayotgan hududiy ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari va Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish zarur.
- O‘tish bali necha ball etib belgilangan?
- O‘zbekistonda uzoq yillardan beri OTMga kirishdagi minimal o‘tish balli maksimal balning ma’lum foizlardagi qismi bilan baholanadi.
Hozirda:
davlat grantining minimal o‘tish balli 68,0 ball (ya’ni, eng yuqori o‘tish bali 189,0 ning 36 foizi);
to‘lov-kontraktning minimal o‘tish bali 56,7 ball (ya’ni, eng yuqori o‘tish bali 189,0 ning 30 foizi) etib belgilangan.
- Birovning o‘rniga test jarayoniga kirishga uringanlarga qanday jazo bor?
- Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda abituriyentlarning natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘luvchi holat keltirilgan. Lekin ming afsuski, ayrim “abituriyent”lar tomonidan boshqa birovning o‘rniga kirishga urinish holatlari ham uchrab turibdi. Bunday holatlarda choralar ko‘rish bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan abituriyentlarga 3-5 yilgacha hujjat topshira olmaslik jazosini qo‘llash taklifi berilgan. Taklif inobatga olinsa, albatta, joriy yildan amalda qo‘llaniladi.
- Bu yilgi maktab bitiruvchilariga qanday imkoniyatlar berilyapti?
- Joriy yil bitiruvchilari onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida test sinovlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 noyabrdagi 696-son qaroriga muvofiq, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va uni oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi joriy etiladi.
Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.