Bugun nurobodliklarni nima qiynayapti?

Zarnews.uz telegramm kanalida joriy yilning 20 yanvar kuni ushbu sarlavha ostida videolavha e’lon qilingan edi. Unda tuman istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularni qiynayotgan muammolar tasvirdan joy olgandi.

Ushbu ijtimoiy so‘rovda bildirilgan muammolar yechimi bo‘yicha Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati rahbari E.Pardayev imzosi bilan quyidagi javob xati keldi:

“  - Yo‘l belgilarining yo‘qligi to‘g‘risida qilingan murojaat Past Darg‘om tumani hududida joylashgan “Samarqand-Juma-Kattaqo‘rg‘on” avtomobil yo‘li bo‘lib, “Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi balansiga tegishli. Shu bois yo‘l belgilarini qo‘yish Nurobod tumani mutasaddi idoralari vakolatiga kirmaydi;

- “Nurbuloq-Boshquduq-Ulus” avtomobil yo‘lini joriy ta’mirlash uchun 2021 yilda tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan manzilli davlat dasturiga taklif berilgan:

- Po‘latchi va Ko‘ktosh qishloqlari ichki yo‘llarini ta’mirlash tuman hokimligi obodonlatirish boshqarmasi balansida. Ushbu yo‘llar dastur asosida keyingi yillarda bosqichma-bosqich ta’mirlanadi;

- Po‘latchi mahallasi fuqarolariga toza ichimlik suvi maxsus texnikalar yordamida yetkazib berilmoqda;

- Ko‘ktosh qishlog‘i va unga tutash qishloqlar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun joriy yilda yangi suv inshooti qurish bo‘yicha manzilli davlat dasturiga takliflar berildi;

- tuman hokimligi Ko‘ktosh qishlog‘iga yangi transformator o‘rnatdi. Joriy yilda “Nurobod tuman elektr tarmoqlari” korxonasi tomonidan tarmoq tortilishi belgilab olindi;

- Nurbuloq mahallasida joylashgan “Humoyunbek halol kushxonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga o‘z faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kredit olish taklifi berildi. Tadbirkor kredit foizi yuqori ekanligi bois kredit olishni rad etdi”.

P/s: Ochig‘i, javobdan bizki qoniqmadik, murojaat qilgan fuqarolar qoniqarmikan? Negaki, aholini qiynayotgan muammolarga mukammal yechim yo‘q. Ya’ni, aksariyat masalalar “dasturga kiritildi”, “manzilli dasturga taklif berildi”, “dastur asosida tarmoq tortilishi belgilandi...” tarzida “yopilgan”. Xo‘p, dastur yaxshi. Ammo shu dastur ijrosi – odamlar muammosi qachon, qay tarzda hal etiladi? Axir, olis qishloqlarda yashaydigan aholining ham qulay sharoitlarda turmush kechirishga haqqi bor!