Bugun «Paxtakor» futbol afsonalariga qarshi to‘p suradi
Kecha afsonaviy ispaniyalik futbolchi Xaver Ernandes – qisqacha Xavining "Al-Sadd" tarkibida poytaxtimizga kelgani haqida aytib o‘tgan edik.
Ispaniya termasi va «Barselona» jamoasining 39 yoshli sobiq yarim himoyachisi bugungi kunda Qatar klubining yorqin yulduzlaridan biri hisoblanadi. U 2015 yilning yozida «Al Sadd»ga o‘tgan edi. Jamoa bilan tuzilgan uch yillik shartnomaga asosan futbolchi yiliga 10 million yevro maosh oladi. Ungacha Yevropa grandi – «Barselona» jamoasida L.Messi, A.Inesta, J.Peke, Buskets kabi yulduz futbolchilar bilan birga to‘p surgan. Klubga ilk bora 1998 yilda kelib, jamoaning barcha turnirlarda 857 marta maydonga tushib, raqiblarga 105 ta gol kiritgan. O‘z jamoasi bilan 25 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. Sakkiz marta Ispaniya chempioni va uch karra mamlakat kubogi sohibi, 4 marta Yevropa chempionlari ligasi bosh sovrini boshi uzra ko‘targan. Ispaniya terma jamoasi tarkibida 2 marta Yevropa, 2010 yilda esa jahon chempioni bo‘lgan. Shuningdek, 2000 yilgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sohibi.
Qatarliklar tarkibidagi maydonga tushadigan yana bir ispaniyalik futbolchi Gabriel Fernandes - «Gabi» ham muxlislarga Xavidek juda tanish. U Ispaniya chempioni, mamlakat kubogi va Superkubogi sohibi, 2012 yilda UYeFA Superkubogi, ikki marta Yevropa ligasi g‘olibi, ikki marta Yevropa chempionlar ligasi finalchisi hisoblanadi.
Madridning "Atletiko" klubi yarim himoyachisi, jamoaning sobiq sardori Gabi o‘tgan yili «Al-Sadd» tarkibiga erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan edi. U karerasi davomida 594 uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 28 ta gol kiritgan.
«Al-Sadd» - Osiyoning eng nomdor jamoalaridan biri bo‘lib, u Qatarning 16 karra chempioni, 16 karra mamlakat kubogi sohibi hisoblanadi. Ikki marta OChL g‘olibi bo‘lgan. Jamoani taniqli portugaliyalik mutaxassis J.Ferreyra boshqaradi. U o‘z vaqtida “Benfika", "Portu", "Sporting", "Braga", "Boavishtoy", "Malaga", "Panatinaikos" kabi jamoalarni boshqargan. Uning qo‘li ostidagi klublar Portugaliya, Misr va Qatar milliy chempionatlari g‘olibi bo‘lgan.
Hozirda "Paxtakor" to‘rt ochko bilan o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Safida dunyoning eng kuchli futbolchilari bo‘lgan «Al-Sadd» hamda Saudiya Arabistonining "Al-Ahli" klublari uch ochko bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda joylashgan. Eronning "Persepolis"i esa bir ochko bilan turnir jadvalini so‘nggi o‘rnida.
Eslatib o‘tamiz, toshkentliklar OChL 2-turida Saudiyaning «Al-Ahli» jamoasini uchrashuvning 62–daqiqasida M.Bekmayevning goli evaziga 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Dil MUROD.