Chin do‘st topmoq qiyin, yo‘qotmoq og‘ir
Samarqand jurnalistika maktabining yetuk vakili, taniqli jurnalist Aziz Yo‘ldoshev hayot bo‘lganida bugun 70 yoshga to‘lardi.
A.Yo‘ldoshev 1952 yil 16 aprelda Past Darg‘om tumanida tug‘ildi.
1974 yilda Samarqand davlat universitetini bitirib, ilk ish faoliyatini viloyat teleradiosida boshladi. Bu yerda turli mas’ul vazifalarda ishladi.
1978 yilda “Zarafshon” gazetasida musahhihlik yukini yelkasiga olgan ijodkor tahririyatning barcha bo‘limlarida ishladi: maxsus muxbir, xatlar bo‘limi mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘ldi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Aziz Yo‘ldoshev gazetaning o‘qishli bo‘lishi, ommaviyligi va salohiyatini oshirishda kamtarona mehnati va ijodini ayamadi.
Umrining so‘nggi yillarigacha feleton va publitsistik maqolalari bilan gazetxonlar e’tiborida bo‘ldi.
Aziz Yo‘ldoshev 1997 yilda 45 yoshida vafot etdi.
***
Ayriliq
(Hamkasbimiz Aziz Yo‘ldoshev xotirasiga)
Har nechuk boshimiz siladi zamon,
Do‘stlar davrasida yuribmiz omon,
Lekin yuraklarni o‘rtaydi armon,
Ayriliq g‘amiga ko‘nikib bo‘lmas.
O‘zni boshqalardan kam chog‘lamadik,
Sizni goh tushundik, goh yoqlamadik,
Dardingizni ko‘pam so‘roqlamadik,
Ayriliq g‘amiga ko‘nikib bo‘lmas.
Sizdek ko‘pga mehr tutmoqlik qiyin,
Sizning ta’rifingiz bitmoqlik qiyin,
Qismatning fahmiga yetmoqlik qiyin,
Ayriliq g‘amiga ko‘nikib bo‘lmas.
Yillar o‘taverar, dunyo turmas tek,
E’zozga loyiq chin inson ko‘pdir, lek
Kim ham bo‘la olur Aziz Yo‘ldoshdek,
Ayriliq g‘amiga ko‘nikib bo‘lmas.
Yana bahor keldi, yana qaytadir,
Do‘stlar armon bilan mudom aytadir:
«Yo‘lda yo‘ldosh ko‘pdir Aziz bittadir,
Ayriliq g‘amiga ko‘nikib bo‘lmas.
Bu ko‘hna dunyoning yo‘li tosh chag‘ir,
Chin do‘st topmoq qiyin, yo‘qotmoq og‘ir,
Bunda bir bayt bo‘zlar va qalam sag‘ir,
Ayriliq g‘amiga ko‘nikib bo‘lmas.
Rustam Qurbonov.
«Zarafshon» gazetasi, 1998 yil 14 aprel.