Bugundan Samarqanddagi to‘rtta ko‘chada nazorat kameralari ishlay boshladi

Bugundan boshlab Samarqand shahridagi to‘rtta chorrahada yul harakati qoidabuzarliklarini avtomatlashtirilgan surat va videonazorat qiluvchi qurilma ishga tushdi. Yangi texnologiyalar avtomobil ko‘p harakatlanadigan ko‘chalarda tunu-kun “navbatchilik“ qiladi. Kameralar onlayn tizimda, svetofor chiroqlariga amal qilmaslik, rulda telefon orqali suhbatlashish kabi qoidabuzarliklarni qayd etib boradi. Yil so‘ngiga qadar ushbu qurilmalar Samarqand shahridagi barcha ko‘chalarda o‘rnatilishi belgilangan.

Eslatib utamiz, bunga qadar viloyat trassalarida to‘rtta “Arena“ rusumli qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, ular avtomashinalarning tezligini nazorat qilardi. Ushbu tizim orqali 40 mingga yaqin qoidabuzarlik aniqlangan.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2018 yilda Samarqand yo‘llarida 310 ming qoidabuzarlik aniqlangan. 13 ming nafar piyodalarga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy choralar qo‘llanilgan.

Nazorat qurilmalar quyidagi ko‘chalarda o‘rnatilgan: Registon maydoni ro‘parasidagi piyodalar o‘tish joyi, Mirzo Ulug‘bek va Bo‘stonsaroy ko‘chasi kesishmasi, Mirzo Ulug‘bek - Shohrux, Mir Said Baraka - Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmalarida.

Rinat Abdulmanov.