Bugungi “jang” oldidan: “Dinamo”ga "yulduz"lar emas, jonkuyar futbolchilar jalb qilingan
Joriy yilgi Superliga yangi mavsumi oldidan “Dinamo” jamoasining murabbiylar shtabi va futbolchilari tarkibidagi o‘zgarishlar, klubning Turkiyadagi yig‘ini doirasida o‘tkazgan o‘rtoqlik o‘yinlari, umuman, jamoaning Superligaga tayyorgarlik holati hamda bugungi birinchi tur uchrashuvi haqida “Dinamo” professional futbol klubi direktori Uchqun Qobilov bilan suhbatlashdik.
- Uchqun aka, “Dinamo” jamoasi joriy yilgi futbol mavsumiga tayyorgarlikni qachon boshladi va o‘zgargan murabbiylar shtabi bilan qanday kelishuvga erishildi?
- «Dinamo» jamoasi joriy yilgi yangi mavsumga 5 yanvardan boshlab tayyorgarlikka kirishdi. Futbolchilarimiz 30 yanvarga qadar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Samarqanddagi qarorgohida o‘tkazdi. Yig‘inda tarkibni shakllantirish, futbolchilarni sinovdan o‘tkazish va jismoniy holatini tiklashga asosiy e’tibor qaratildi. Yig‘in doirasida Qarshi va G‘uzorda «Nasaf» hamda «Sho‘rtan» bilan nazorat bahsi o‘tkazilib, bir mag‘lubiyat va bir g‘alaba qayd etildi.
Murabbiylar shtabiga kelsak, ular to‘liq yangilandi, deyish mumkin. Xabaringiz bor, «Dinamo» klubi bosh murabbiyi etib tayinlangan serbiyalik 47 yoshli mutaxassis Predrag Rogan bilan bir yillik shartnoma imzolandi. Murabbiy Serbiya va Vengriya klublarni boshqarib, yaxshi natijalarga erishgan. Mutaxassis UYeFAning «Pro» litsenziyasiga ega. 2021 yilda Serbiya Superligasi vakili «Vojvodats» klubini boshqargan. U O‘zbekiston Superligasida ham "Dinamo" jamoasining yetakchi o‘rinlarda bo‘lishiga va’da berib, Superkubogni qo‘lga kiritishga astoydil harakat qilishini bildirdi. Murabbiy 11 yanvardan jamoa mashg‘ulotlarida va o‘yinlarida qatnashib kelmoqda.
Shuningdek, Predrag Roganga yordamchi sifatida 46 yoshli mutaxassis Ivan Yevich bilan ham bir yillik shartnoma imzolandi. Yugoslaviyalik sobiq futbolchi, so‘nggi yillarda Serbiya yoshlar jamoasida (U-19) murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.
Bundan tashqari, klubda darvozabonlar murabbiyi sifatida Mixail Naumov ham ish boshlagan. U futbolchilik faoliyati davomida O‘zbekiston milliy jamoasi, «Nasaf» hamda 2016-2017 yillarda «Dinamo» jamoasi darvozasini qo‘riqlagan. 37 yoshli mutaxassis bilan bir yillik shartnoma imzolangan.
- "Dinamo" jamoasiga bu yil necha nafar legioner o‘yinchi va boshqa klublardan futbolchilar olib kelindi?
- Joriy yil mavsum oldidan jamoaning 99 foiz tarkibi yangilandi. To‘g‘risi, klubga "yulduz"lar emas, jonkuyar futbolchilar jalb etildi. Maydonda familiya emas, futbolchi o‘ynaydi. O‘ylaymanki, bu mavsumda yigitlar yetakchi o‘rinlarda to‘p suradi.
Jamoamiz Superligada kuchli klublarga qarshi o‘ynaydi. Shu bois, murabbiylar bilan kelishgan holda jamoaga 25 nafar futbolchi jalb qilindi. Shundan, 4 nafari legioner futbolchi. Xususan, Kiyevning "Dinamo" klubi tarbiyalanuvchisi, ukrainalik 26 yoshli yarimhimoyachi Yevgeniy Chumak bilan bir yillik shartnoma imzolandi. Futbolchi Ukraina, Belarus, O‘zbekiston va Qozog‘iston klublarida to‘p surgan.
Yana bir legionerimiz bosniyalik 29 yoshli hujumchi Aleksandr Glishich Armanistonning “Aleshkert” klubida chempionlar ligasi saralashlarida o‘ynagan. Jamoamizning yetakchi hujumchisi sifatida ko‘rilayotgan bu futbolchi bilan bir yillik shartnoma imzolangan. U so‘nggi bir yarim yilda Yerevan klubi safida Armaniston Premer-ligasi chempioni, kubogi va Superkubogi g‘olibiga aylangan. «Alashkert» safida jami 48 o‘yinda 15 ta golga mualliflik qilgan.
Serbiyalik 32 yoshli himoyachi Mixaylo Yovanovich esa Chexiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston klublari sharafini himoya qilgan. So‘nggi 2021 yilda Yerevanning «Alashkert» klubi safida Armaniston chempionligini qo‘lga kiritgan.
To‘rtinchi legionerimiz serbiyalik 30 yoshli darvozabon Miloye Prekovich bilan bir yillik shartnoma imzolandi. U «Dinamo» safiga erkin agent maqomida qo‘shildi. Miloye Prekovich so‘nggi mavsumni Serbiya Superligasi vakili «Vojdovats» klubi safida o‘tkazib, jamoaning asosiy posboni bo‘lgan. U chempionat doirasidagi barcha – 21 o‘yinda ham to‘liq to‘p surgan.
Shuningdek, jamoamizga "So‘g‘diyona" klubidan 1 nafar hujumchi, "Nasaf" klubidan 2 nafar, "Surxon" va "Neftchi"dan 1 nafardan himoyachi, "AGMK", "Nasaf", "Metallurg", "Turon", "Mash’al", "Buxoro" jamoalaridan 1 nafar yarimhimoyachi olib kelindi.
Bundan tashqari, "Dinamo" klubida oldin o‘ynagan 1 nafardan hujumchi va himoyachi, 2 nafar darvozabon, 4 nafar yarimhimoyachi hamda klubda tarbiyalangan 1 nafardan himoyachi va yarimhimoyachi bilan shartnoma imzolangan.
- «Dinamo» jamoasi tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini Turkiyada o‘tkazib, beshta o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi. Klub direktori sifatida jamoaning natijasidan qoniqdingizmi?
- Jamoamiz 3-24 fevral kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi. Unda futbolchilarning jismoniy tayyorgarlik holati, pozitsiyalari va tajribasi sinov qilindi va yig‘in doirasida 5 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi. Xususan, birinchi uchrashuvda «Dinamo» Ukrainaning «Leviy bereg», ikkinchi uchrashuvda Ruminiyaning «Chiksereda», uchinchi uchrashuvda Qirg‘izistonning «Abdish Ota» klubi bilan durang o‘ynadi. To‘rtinchi uchrashuvda esa jamoamiz Gruziyaning «Garedji», beshinchi uchrashuvda esa Ukrainaning «Obolon» klubini mag‘lubiyatga uchratdi. Jamoa besh o‘yinda 3 durang, 2 g‘alaba qayd etdi. Menimcha, bu yig‘in dorasida yomon natija emas. Murabbiylarning ham futbolchilar haqidagi fikrlari ijobiy. Albatta, bu keyingi o‘yinlardagi natijalarda ham saqlanib qolishiga ishonamiz.
- Bugun, 3 mart kuni Superliganing birinchi turi doirasida bo‘lib o‘tadigan “Dinamo” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv haqida nimalar deya olasiz?
- Joriy mavsumda barcha raqiblarimiz bilan qaysi turda o‘ynashimiz aniq bo‘lgan. Ma’lumki, bu mavsum “Dinamo” va “Paxtakor” jamoalariga ham xorijlik murabbiy kelgan. Menimcha, birinchi tur uchrashuvi xorijlik murabbiylar jangi bo‘ladi, deyish mumkin. Chunki, jamoalarning mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rgani va murabbiylarning salohiyati bugungi uchrashuvda va o‘yinning darajasiga qarab aniqlanadi. To‘g‘ri, raqib “Paxtakor” jamoasi, amaldagi chempion. Lekin maydon tekis, to‘p dumaloq. Ikkala jamoada ham 11 kishidan futbolchi o‘ynaydi. Muhimi, maydonda samarali harakat qilgan jamoa yetakchilikni qo‘lga oladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev suhbatlashdi.