Bulung‘ur tumani IIBda so‘roq qilingan shaxs nima sababdan vafot etgan?
2019 yil 18 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “IIBda so‘roq qilingan shaxs o‘ldi. Yaqinlari uning urib o‘ldirilganini iddao qilmoqda” sarlavhasi ostida tarqalgan maqola e’lon qilindi.
Mazkur holat IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, 2019 yil 16 noyabr kuni fuqaro Djabbarov Nasriddin Qaxorovich tuman IIB boshlig‘i nomiga, “O” ismli shaxs “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish bilan shug‘ullanayotganligini, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.
Ushbu kuni soat 13:30 larda Bulung‘ur tumani IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.R. 150.000 so‘m evaziga N.Djabbarovga vazni 3,71 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ushlanib, yonidan vazni 0,78 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi va tadbirda ishlatilgan 150.000 so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Bulung‘ur tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan JKning 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.R.ga nisbatan ayblov e’lon qilingan va “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Dastlabki tergov davomida N.Djabbarov tergovga olib kelinmagan va jinoyat ishi yuzasidan so‘roq qilinmaganligi aniqlangan.
2019 yil 16 noyabr kuni soat 16:10 larda N.Djabbarov Bulung‘ur tumani IIB JQB xizmat xonasida birlamchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida sog‘lig‘i yomonlashib, qon bosimi ko‘tarilishi va yurak xuruji bilan tez tibbiy yordam mashinasida Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga olib borilgan hamda shu yerda vafot etganligi ma’lum bo‘lgan.
Sud tibbiy ekspertizasining ma’lumotiga ko‘ra, N.Djabbarovning tanasida tan jarohatlari aniqlanmaganligi, dastlabki sud tibbiy tashxisi – o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi, koronarokardioskleroz, yurakning ishimik kasalligi ekanligi aniqlangan.
Hozirda N.Djabbarovning vafot etganligi holati yuzasidan Bulung‘ur tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va tegishli ekspertiza tayinlangan.
Mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv yakuniga ko‘ra, tegishli huquqni muxofaza qiluvchi organ tomonidan to‘liq axborot berilishiga qadar fuqarolardan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan asoslanmagan ma’lumotlarga ishonib, nomaqbul izohlar berishlaridan saqlanishlari so‘ralmoqda.