Bulung‘urda 4-sektor rahbariga 48 ta murojaat tushdi

Samarqand  viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Shodiyor Ahmedovning Bulung‘ur tumanida o‘tkazgan sayyor qabulida Qo‘ng‘irot qishlog‘ida yashovchi aholi vakillari mahallada maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etishda yordam so‘rab murojaat qildi.

Sh.Ahmedov hududda davlat-xususiy sherikchiligi asosida yoki oilaviy uy-bog‘cha tashkil qilish imkoniyati mavjudligini aytdi. Buning uchun davlat tomonidan bir qator imtiyozlar mavjudligini bildirib, bu masalani joyida borib o‘rgangan holda hal etilishini ma’lum qildi.

Sayyor qabul davomida fuqarolardan 48 ta murojaat qabul qilinib, har bir masalaning yechimi nazoratga olindi. Murojaatlar asosan suyultirilgan gaz ballon bilan ta’minlash, qishloq joylardagi ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr simyog‘ochlarni yangilash, ichimlik suvi ta’minoti va boshqa masalalari yuzasidan bo‘ldi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.