Bulung‘urda 5 mingdan ortiq yoshning muammosi bor
Bulung‘ur tumanida “Yoshlar daftari” ro‘yxatini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan xatlovda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 32 ming nafardan ziyod yigit-qiz mavjudligi aniqlangan. Ularning 4096 nafari vaqtincha xorijda va boshqa viloyatlarda yashayotganligi ma’lum bo‘lgan. 27 ming 936 nafari haqida anketa so‘rovnomalari to‘ldirilib, muammolari o‘rganilgan.
Asosiy masala - ishsizlik
Anketa so‘rovlari natijasida tuman yoshlarining 4453 nafarini ishsizlik, 760 nafarini esa turli ijtimoiy muammolar qiynab kelayotgani aniqlangan.
“Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan yigit-qizlar bilan tizimli ishlash maqsadida tuman hokimligida maxsus shtab tashkil qilingan. Bu yerda mutasaddi tashkilotlar vakillari ro‘yxatdagi yoshlarni elektron bazaga kiritish, ularning muammolarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni nazorat qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Sektor rahbari va yoshlar uchrashuvlari qanday natija berdi?
Shtabdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil noyabr oyidan shu paytga qadar tumandagi sektor rahbarlari va yoshlar o‘rtasida 180 ta uchrashuv o‘tkazilib, 2308 ta murojaat kelib tushgan. Joriy yilning 17 mart holatiga ko‘ra 1776 ta muammo hal qilingan. Murojaatlarning 353 tasi bajarilmagan, 58 tasi rad etilgan, 121 tasi yechim uchun muddat talab qilinadigan murojaatdir.
- 2020 yil karantin sabab ishsiz qoldim, - deydi Sirojiddin Burxonov. - 23 dekabrda tumanimiz hokimi bilan uchrashuvda shaxmat taxtasi yasab, hunarmandchilik bilan shug‘ullanish istagim borligini aytib, 30 million so‘m kredit olishga yordam so‘radim. 4 kun ichida imtiyozli kredit ajratildi. Joriy yilning yanvar oyidan faoliyatimni boshladim. 4 nafar yoshni ish bilan ta’minladim. Bir oyda 6 o‘lchamda mingdan ziyod shaxmat taxtasi yasab, sotyapmiz. Hozirgi kunda Qozog‘istondan ham buyurtma kelyapti. Olgan kreditni deyarli qaytarib bo‘ldim.
Bu yaxshi, ammo ayrim yoshlar bir nechta masalada murojaat qilgan. Ularni qiynab kelayotgan muammolardan biri hal etilib, ikkinchisi bajarilmasdan qolyapti, ba’zilari nomigagina yechim topyapti. 2020 yil 16 dekabr kuni o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etgan yoshlardan biri bilan telefon orqali bog‘lanib bunga guvoh bo‘ldik.
- Ikki masalada murojaat qilgandim, - deydi Elobod mahallasida yashovchi Mahliyo Abdurahmonova. – Birinchisi ko‘zimni davolatish bo‘yicha bo‘lsa, ikkinchisi ishsizlik muammosi. To‘g‘ri, bir marta ko‘zimni bepul tekshirib, dorilar yozib berishdi va shaharda davolanishim kerakligi aytildi. Ammo moddiy jihatdan qiyinchilik bo‘lganligi sababli davolanishga imkoniyatim yo‘q. Ko‘zim kasallanganligi sababli chang bor joyda ishlay olmayman. Ma’qul ish esa topilmayapti, ishsizlikdan qiynalyapman.
Hech bir yosh e’tibordan chetda qolmaydi
Tumanda 398 nafar yosh mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi. Qishloq xo‘jaligiga qiziqadigan 445 nafar yigitga yer maydonlari ajratib berildi.
- Bulung‘ur qishloq xo‘jalik kollejini bitirganman, - deydi Nurli yo‘l mahallasida yashovchi Sharif Xudoyberdiyev. – 3 yildan buyon ishsizman. Sektor rahbari va yoshlar uchrashuvida dehqonchilik qilish uchun yer ajratib berishlarini so‘rab murojaat qildim. “Tojiboyev Adhambek dalasi” fermer xo‘jaligidan 25 sotix yer berildi. Endi bu yerda sabzavot mahsulotlari yetishtirib daromad qilaman, degan umiddaman.
- “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan hech bir yigit-qiz e’tibordan chetda qolmaydi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari Kamoliddin G‘afforov. - Tadbirkorlikka qiziqadigan va kredit olish istagida bo‘lgan 196 nafar yoshga 3 milliard 970 million so‘m miqdorda kredit ajratildi. Yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda bir haftalik o‘quv kurslari tashkil etildi va 97 nafar yigit-qizga sertifikat berildi.
162 nafar yosh 1- va 2-son kasb-hunar maktablarida o‘qitilmoqda. “1+1” loyihasi doirasida 78 nafar yigit-qiz tadbirkorlarga biriktirildi. Shuningdek, 43 nafar yoshga 112 million 750 ming so‘mlik asbob-uskuna olib berildi.
Tumanning Xo‘jamazgil mahallasidagi 32 nafar yoshga subsidiya asosida issiqxonalar qurib berildi. Uzumchilikka ixtisoslashgan kooperatsiya tashkil etilib, 20 nafar yoshga 1 gektardan yer ajratildi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (surat),
«Zarafshon» muxbirlari.