Bulung‘urda ro‘y bergan yo‘l transport hodisasi bo‘yicha rasmiy xabar berildi

Bugun - 16 iyul kuni Bulung‘ur tumanidagi Mingchinor mahallasi hududidan o‘tuvchi Bulung‘ur-Kildon yo‘lida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat bo‘yicha rasmiy xabar berildi.

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi YHXB matbuot xizmati xabar berishicha, 2019 yil 16 iyul kuni Bulung‘ur tumanida yashovchi Sh.A. o‘z boshqaruvida bo‘lgan "Opel" rusumli transport vositasini Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi 4 R 47-avtomobil yo‘lining 8-kilometrida Mingchinor - Bulung‘ur yo‘nalishida boshqarib kelayotgan vaqtda transport harakatini o‘zgartirib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan. Oqibatda yo‘lning ikkinchi tomonidan kelayotgan Bulung‘ur tumani Kattaqishloq mahallasida yashovchi K.B. boshqaruvida bo‘lgan "Damas" rusumli transport vositasi bilan to‘qnashuv sodir qilgan.

Ikkala avtomashinaga moddiy zarar yetgan. Oqibatda "Damas" rusumli avtomashina haydovchisi K.B., yo‘lovchi M.P. va boshqalar jarohat olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, "Opel" rusumli transport vositasi haydovchisi Sh.A. avtomobilni hech bir hujjatlarsiz boshqarib kelgan.

Sodir bo‘lgan ushbu holat yuzasidan ayni paytda Bulung‘ur tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.