Bulung‘urda Sheroz qal’a qayta tiklanadi
Bulung‘ur tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi press-turda ommaviy axborot vositalari xodimlariga “Xo‘ja Hofiz Me’rosiy” maqbarasi va masjidi, qayta tiklanayotgan Sheroz qal’a, Fozil Yo‘ldosh uy-muzeyi hamda madaniy meros ob’yektlari haqida ma’lumot berildi.
Qur’oni Karimni yetti qiroatda o‘qigan alloma
Press-tur Mitan qishlog‘ida joylashgan Qur’oni Karimni yetti qiroatda o‘qigan yetti allomadan biri “Xo‘ja Hofiz Me’rosiy”ning maqbara va masjididan boshlanadi.
O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saklanayotgan tarixiy manbalariga ko‘ra, Xo‘ja Hofiz Me’rosiy 1475 yilda Bulung‘ur tumani hududidagi Bolg‘ali qishlog‘ida tavallud topgan. Madrasalarda tahsil olgan. 1528 yilda Eronning Mashhad shahrida vafot etadi. Vasiyatiga ko‘ra o‘limidan 6 oydan keyin Sulton Ubaydullaxon farmoniga ko‘ra jasadi Bulung‘ur tumaniga olib kelib ko‘milgan.
- Hofiz Me’rosiy qoldirgan katta meros va qo‘lyozmalari hozirda O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda, - deydi “Xo‘ja Hofiz Me’rosiy” ziyoratgohi va Sheroz qal’a majmuasi rahbari Narzulla Qoraboyev. – Biz institut olimlari bilan hamkorlikda Xo‘ja Hofiz Me’rosiyning haqiqiy vasiyatnomasini Pokistondan keltirdik. Uning qalamiga mansub bo‘lgan, hali to‘liq o‘rganilmagan devonlari va she’riy asarlari tarjimaga muhtoj. Sulton Ubaydullaxon tomonidan uning hoki qishloqqa olib kelingach, bu joy muqaddas joyga aylandi. 2001 yilda xalq hashari bilan mana shu maqbara va masjid qurildi. 2010 yil 20 avgustda Xo‘ja Hofiz Me’rosiy nomi bilan bog‘liq tarixiy joy madaniy meros ob’yektlarining "Diqqatga sazovor joylar" toifasiga olindi.
Qir-adirliklardan iborat bu maskanda obodonlashtirish ishlari boshlangan. 2019 yilda 5,5 kilometr asosiy yo‘llar ta’mirlangan hamda 6,5 kilometr suv va elektr tarmog‘i keltirilgan. Loyihaga ko‘ra, 2022 yilgacha 3,5 gektar maydonda zamonaviy ko‘rinishda masjid va maqbara qad rostlanadi. Shu bilan birga ayollar va erkaklar uchun alohida dam olish maskani qurish ham rejalashtirilgan. Sababi, ziyoratgohga kiraverishingizda tuproq bor. Necha yillardan buyon aholi yozda kelib undan shifo topgan. Ushbu tuproq tarkibi tekshirilganda 28 ta inson organizmi uchun foydali elementlar borligi aniqlandi. Agar uni uyingizga olib borib foydalansangiz uning foydasi bo‘lmaydi. Shuning uchun bu yerda dam olish maskani qurish loyiha taklifiga kiritilgan.
Amir Temurning mudofaa qal’asi yana qayta tiklanadi
“Xo‘ja Hofiz Me’rosiy” qadamjosidan Sheroz qal’aga o‘tiladi. Bu yerdagi Bolg‘ali qishlog‘ida tuman etnografiyasini, madaniyatini, turmush tarzini o‘zida namoyon etgan uy-mehmonxonalar, oshxona, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi.
Sheroz qal’a o‘zining tarixiyligi bilan ham faxrlanishga arzirli maskan. Sohibqiron Amir Temur harbiy yurishlari davomida Eronni qamal qilib, Sheroz qal’asini olishda qiynaladi. Shu sabab Samarqandga kirishda, har tomonlama qulay bo‘lgan bu maskanda 1396-1402 yillari mustahkam qal’a bunyod etadi. Bu joy Sohibqiron tomonidan bejiz tanlanmagandi. Qal’ani 20 metr chuqurlikdagi Bulung‘or, ya’ni loyqa ariq o‘rab turadi. Ariqning eni 18-20 metr bo‘lib, tik holatda bo‘lganligi uchun ham hech bir dushman kira olmagan. Atrofida 9 ta buloq bo‘lib, bugungi kunda ularning 3 tasi saqlanib qolingan.
- Qal’aning umumiy maydoni 6-7 gektardan iborat bo‘lib, tuman hokimi qarori bilan loyiha bo‘yicha 4 gektar maydon ajratildi, - deydi Narzulla Qoraboyev. – Atrofi Bulung‘ur arig‘i bilan o‘ralgan bu tepalikda Amir Temurning qarorgohi, harbiy asarlar uchun oshxona va ko‘plab xonalar bo‘lgan. 1968 yilda ruslar tomonidan zambaraklar bilan ko‘mib yuborilgan. Shu bilan bu yer e’tibordan chetda qolib, mahalliy aholi tomonidan qoramol boqilgan. Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan 2015-2019 yillarda olib borilgan qazishma ishlari davomida temuriylarga oid ko‘plab ashyolar, oltin, mis tangalar topildi. Hali bu yerda o‘rganilmagan, biz bilmagan ko‘plab tarixiy ashyolar va sirlar bor. Ularni o‘rganish va ularni namoyish etish esa juda muhim. Hozirda bizga ajratilgan 8 milliard 285 million so‘m mablag‘ evaziga bu yer 2 metrlik devor bilan o‘ralib, muzey va tahoratxona, temuriylar davridagi xos xonalar bunyod etiladi. Sharshar bulog‘i yonidan temuriylar davri muhitini o‘zida mujassamlashtirgan ko‘prikning bunyod etilishi, mavjud g‘orlarning ochilishi sayyohlarni bir dam Temuriylar saltanatiga sayohat qildiradi.
Sheroz qal’asini bunyod qilish uchun qilingan loyiha o‘ziga xos. Bu yerda tariximiz, xalqimizning turmush tarzi, urchuq yigirayotgan, gilam to‘qiyotgan momolarimiz, kuvida yog‘ olayotgan qishloq ayoli, tandirdan issiq kulcha nonni uzib farzandiga tutayotgan onalar qiyofasini ko‘rasiz. Shu bilan birga arxeologiya instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihada temuriylar davridagi muhit, ularning kuch-salohiyati ham namoyon bo‘ladi.
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining izdoshlari bor
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li uy-muzeyida ham bo‘lishdi. Uy-muzey 1986 yilda baxshining dostonlarini qog‘ozga ko‘chirgan, u kishining doim yonlarida bo‘lgan Meliboy Rahimov tomonidan tashkil etilgan. Bu yerda 200 dan ortiq ashyolar saqlanadi. Ularning yarmi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘liga tegishli.
- Onam doim tokchada yig‘ilgan 20 yaqin kitoblarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylardi, - deydi baxshining nevarasi Lola Sultonova. – Sababini katta bo‘lib bildim. Bu Fozil Yo‘ldosh bobom tomonidan aytilgan va yozib olingan dostonlar ekan. Onam o‘qituvchi bo‘lganlari uchun asosan qo‘lyozmalarni o‘zlari yozgan. Bobom terma aytishni boshlaganda 2-3 soatlab tinmay yozgani uchun qo‘llari qavarib ketganini aytardi.
“Alpomish” dostonini to‘liq yod olib aytgan baxshilardan biri bo‘lgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining uy-muzeyi bugun maktab-o‘quvchilari, baxshilar bilan gavjum. Muzeyda baxshining do‘mbirasi, chakmoni, telpagi, sandig‘i va mahalliy aholi tomonidan foydalangan o‘sha davr uy-ro‘zg‘or jihozlari mavjud.
Shundan so‘ng “Bulung‘ur hayoti” gazetasi tahririyatida OAV xodimlari uchun tuman hokimi Bahodir Bahromov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Bulung‘urda turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
- Tumanimizda 82 ta madaniy meros ob’yektlari bo‘lib, ularning barchasi 2018 yil nashrdan chiqqan “O‘zbekiston arxeologik yodgorliklari katalogi” kitobi kiritildi, - deydi tuman hokimi. – Shu bilan birga yana topilayotgan tarixiy ob’yektlarimiz ham bor. Masalan, Yetimsoy darasidagi qoyatoshlardagi yozuvlar. Biz Sheroz qal’ani qayta tiklash orqali ajdodlarimizdan qolgan boy merosimizni nafaqat chet ellik sayyohlarga, balki mahalliy sayyohlarga ham namoyish etamiz. Shu bilan birga 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratamiz.
Press-tur davomida jurnalistlar Bulung‘ur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Nasiba Jonto‘rayeva.