Bulung‘urda shifokor yetishmasligi ko‘riklarning sifatli o‘tishiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?
Soat 14:00 larda Bulung‘ur tumanidagi poliklinikaga borganimizda muassasa odamlar bilan gavjum edi. Odatda kunning bu vaqtida qishloq oilaviy poliklinikalarida odam siyrak bo‘ladi. Shifokorlik punktlari esa huvillab yotardi. Gavjumlik sababi vaksinatsiya bilan bog‘liq degan xayolga bordik. Biroz adashibmiz.
- Poliklinikamizda garchi ikki nafar shifokor yetishmasa-da laboratoriyaning to‘liq faoliyat ko‘rsatishi, xodimlarning tajribasi va yangi texnologiyalar aholining ishonchini oshirgan, - deydi tumandagi 1-son oilaviy poliklinika bosh shifokori Baxtiyor Mirzaqobilov. – 12 mahallaning 34 ming aholisiga xizmat ko‘rsatamiz. UTT apparati mutaxassisi bor, yaqindagina yangi EKG apparati berishdi. Shuning uchun aholi ilk kasallik belgilaridanoq poliklinikaga murojaat qiladi. Barcha hududlarda bo‘lgani singari bizda ham aholi to‘liq xatlovdan, ko‘rikdan o‘tkazilib, toifalarga ajratildi. Xavf guruhidagi aholi 5 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, dispanser nazoratidagilar 10 ming, sog‘lomlari esa 15 ming nafar qayd qilindi.
Aniqlangan kasalliklar orasida eng ko‘pi arterial gipertoniya, kamqonlik, qandli diabet hisoblanadi. Bemorlarni davolash uchun zarur ko‘mak ko‘rsatilyapti, ehtiyojga qarab tuman, viloyat shifoxonalarida davolanishga yo‘llanma beryapmiz.
Alohida ta’kidlashni istardim, xastaliklar asosan noto‘g‘ri ovqatlanishdan kelib chiqmoqda. Biz kuni bilan me’yorida, ammo kechqurun to‘yib ovqatlanamiz va darhol uxlaymiz. Bunday holda taomlanish organizm uchun juda xavfli. Birinchidan, oshqozon faoliyatiga ta’sir ko‘rsatsa, ikkinchidan, bunday holda iste’mol qilingan yog‘lar hazm bo‘lmaydi, organizmda to‘planib qoladi. Tabiiyki, bu semirishga, turli kasalliklarga sabab bo‘ladi.
Suhbatimiz davomida shifokor navbat ko‘payib ketmasligi, bemorlar kutib qolmasligi uchun bir nechta bemorlarni qabul qildi. Qorin og‘rig‘i, qayt qilish shikoyati bilan kelgan qizchaning shifokor savollariga javoblari yuqoridagi fikrlarni tasdiqladi.
- Kecha nima yeding, qizim?
- Somsa yedim kunduzi.
- Yana-chi?
- Kechqurun barak yedim, pirojkiyam yegandim, aytgancha…
Bir kunning o‘zida turli xil xamir taom iste’mol qilgan qizchaning onasiga shifokor o‘z tavsiyalarini aytar ekan, sog‘lom ovqatlanish zarurligini ta’kidladi.
- Bugungi kunga qadar tuman aholisining 162 ming nafari xatlovdan o‘tkazildi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi birlamchi tizim bo‘yicha koordinatori Najmiddin Qorjovov. - Xatlov natijasiga ko‘ra, 17 yoshgacha bo‘lgan 55 932 nafar aholining 2540 nafarida juda kam vaznlilik, 2687 nafarida kam vaznlilik aniqlandi. 8424 nafarida esa ortiqcha vazn xavfi, 3368 nafarida ortiqcha vazn, 3078 nafarida semizlik qayd etildi.
18 yoshdan yuqori bo‘lgan 99 564 nafar aholining 2409 nafarida kam vaznlilik, 31 111 nafarida ortiqcha vazn xavfi, 12 376 nafarida ortiqcha vazn, 2180 nafarida semizlik mavjud.
Xatlov.uz elektron tizimiga kiritilgan aholining 25 foizi meva-sabzavotlarni kam iste’mol qilishi, 36 foizi shakar, 33 foizi yog‘ mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilishi, 18 foizi ortiqcha tuz iste’mol qilib, 7 foizi kam jismoniy harakatda ekanligi, 20 foizida ortiqcha vazn borligi, 10 foizida esa o‘ta semizlik aniqlanib, sog‘lomlashtirish rejalari tuzib chiqildi.
Hududlar kesimida aniqlangan kasallik turlariga qarab viloyat tibbiyot muassasalarining malakali mutaxassislari va zamonaviy tibbiy diagnostik apparatlar yordamida bir qator aholi punktlarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi bo‘yicha 107 stavka shifokorlarga ehtiyoj bo‘lib, ularning orasida eng ko‘p ehtiyoj umumamaliyot shifokorlarini tashkil qiladi. Shuningdek, akusher-ginekolog, reanimatolog, EKG mutaxassis, LOR, jarroh, terapevt, tez tibbiy yordam shifokori va boshqa ko‘plab mutaxassisliklar bo‘yicha ehtiyoj bor.
Vakant o‘rinlar va mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj yuzasidan Samarqand davlat tibbiyot instituti rektorati bilan qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, 2021 yilda ushbu oliygohning bakalavriat yo‘nalishini tugatgan 19 nafar yoshlar bilan uch tomonlama shartnomalar imzolandi.
Bitta tumanda 100 nafar shifokor yetishmasligi ko‘riklarning sifatiga ta’sir ko‘rsatmasmikan? Ayniqsa, ushbu vakant o‘rinlarning katta qismi qishloq oilaviy shifokorlik punktlariga to‘g‘ri kelsa.
Gulruh Mo‘minova.