Bulung‘urdagi sayyor qabulda 3 nafar mahkum jazodan ozod qilindi

Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov, viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov Bulung‘ur tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi raisi J.Fayzullayev, Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi N.Tursunova va jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tumani raisi G.Negmatov ham ishtirok etdi.

Qabul jarayonlarida 3 nafar mahkum jazodan ozod etildi, 2 nafar shaxs MJtKning 21-moddasi bilan ogohlantirildi, 3 nafari MJtKning 33-moddasi qo‘llanilib, jazosi kamaytirildi va 5 nafar shaxsga huquqiy tushuntirish berildi.

Bulung‘ur tumani Navbahor mahallasida yashovchi Sarvinoz Shodmonova sodir qilgan qilmishi uchun Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismi bilan sudlanib, axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan edi. U qilmishidan pushaymon bo‘lganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, sodir qilgan jinoiy qilmishi va uning huquqiy oqibatlaridan o‘ziga tegishli xulosa chiqarganligini bildirib, jazoning qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. Viloyat sudi raisi murojaatchi bilan suhbatlashib, murojaatning mazmun-mohiyati va sabablarini o‘rgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tumani sudining sayyor sud majlisida S.Shodmonova o‘talmay qolgan 3 oy 20 kun axloq tuzatish ishlari jazosidan shartli ozod qilindi.

Shuningdek, tumanning Oqtosh mahallasida istiqomat qiluvchi Ilhomiddin Turabovga sodir qilgan qilmishi uchun Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 211-moddasi 1-qismi bilan ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan edi. Sayyor sud majlisida u hali o‘talishi kerak bo‘lgan  2 yil 3 oy 23 kuni ozodlikdan cheklash jazosidan shartli ozod qilindi.

Suluvqo‘rg‘on MFYda yashovchi Doston Tursunqulov ham viloyat sudi raisi qabulida bo‘lib, iltimosini bayon qilgach, holat o‘rganilib, o‘talmay qolgan 1 yil 7 oy 29 kuni ATI jazosidan ozod qilindi.

Xuddi shunday yana besh nafar fuqaro tayinlangan jazolarni yengillashtirishni so‘radi. Barcha holatlar sayyor sud majlisida o‘rganib chiqilib, jazolar yengilroq jazoga almashtirildi.

Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.