Bulung‘urlik mutasaddilar piyoda yurib, tuman markazidagi vaziyatni o‘rgandi, kamchiliklar bartaraf etildi

16 iyul kuni saytimizda “Bozormi bu yoki stoyankami? Mutasaddilar bu yerlarda “peshkom” yurganmikan?” nomli maqola e’lon qilingan va unda Bulung‘ur tumani markazidagi ko‘ngilni xira qiladigan holatlar bayon etilgandi.

Maqola yuzasidan Bulung‘ur tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, maqola e’lon qilinganidan so‘ng tuman hokimligi, sektorlar va mutasaddi idoralar mas’ullaridan iborat uch ishchi guruh tuzilib, ular piyoda yurib tuman markazidagi holatni o‘rgandi.

Samarqand mahalla fuqarolar yig‘ini Uvaysiy ko‘chasi va ariqlar chiqindi hamda begona o‘tlardan tozalandi. Yo‘l chetida sotilayotgan tarvuz va qovun mahsulotlari “Dehqon bozori” MChJ hududiga ko‘chirildi. Mahsulotlar sifati tuman veterinariya laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazildi.

Shuningdek, tuman obodonlashtirish boshqarmasi va “Toza hudud” DUK filiali tomonidan Ulug‘bek, Samarqand mahallalari,  “Dehqon bozori” va “Buyum bozori” savdo kompleksi hududi chiqindilardan tozalanib, maxsus chiqindi tashuvchi mashinalarda olib ketildi. Bozorlar hududi va atrofidagi noqonuniy ko‘cha savdosi bartaraf etildi.