Buxoroda tuya sutiga qorilgan loydan g‘isht terib qurilgan maqbara bor

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Samarqand viloyati «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati jamoasi Buxoro viloyatida sayohatda.

Ismoil Somoniy maqbarasida bo‘lgan jurnalistlar ushbu tarixiy obida bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Avvalo, Ismoil Somoniy haqida.

Ismoil Somoniy 848 yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob, 874 yilda somoniylarning Buxorodagi noibi, 888 yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo‘lgan. U o‘ziga ulkan maqbara qurdirgan.

- Ismoil Somoniy maqbarasi jahon me’morchilik va binokorlik maktablarining noyob asari hisoblanadi, - deydi "Turkiston travel" sayyohlik firmasi gid-tarjimoni Sobirjon Yusupov. -

Ismoil Somoniy maqbarasi o‘rta asrlarning rivojlangan davrida (IX-X asr), 864-868 yillar oralig‘ida qurilgan.

Inshoot qabr vazifasini bajarganligi sababli uning intereri uch pog‘onali, bir xonali kvadrat shaklni tashkil qilgan.

Uning qurilishi uchun g‘ishtni terishda orasiga tuya sutiga qorilgan loy ishlatgan. Bu loy esa qamishni 1000 daraja issiqlik paydo qilgan holda tayyorlangan. Shuning uchun haligacha maqbara sifatini yo‘qotmagan. Shuningdek, bu obida qurilishida tosh va yog‘ochdan ham foydalanilgan. Maqbaraning jimjima g‘ishtin bezaklari chiviqli to‘siq yoki qamish, bo‘yra to‘qimasini eslatadi. Devor qalinligi – 1,8 metr, tarhi – tashqarisi 10,80×10,70 m., ichkarisi 7,20×7,20 m. Usti gumbaz bilan qoplangan. To‘rt burchagi ustunsimon shaklda ishlangan, gumbaz atrofiga 4 qubba o‘rnatilgan.

Devor tepasida kungirasimon 40 ta darcha qilingan. Har bir darcha hoshiyalangan. Ravoq tepasidagi qanos g‘ishtin tangachalar marjoni bilan chegaralangan. Ikki chetiga mayda-mayda g‘ishtdan chorsu tumor yasalgan. Bino ichkarisi tashqaridagi bino bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uslub jihatidan bir xil. Maqbaraning 4 tomoni bir xil chordara shaklida.

- Hali inshootning o‘rganilmagan qirralari, qonuniyatlari, qoidalari, qurilish usullari bor, - deydi S.Yusupov.