Buyuk Britaniya 2030 yildan e’tiboran benzinda yuradigan avtomobillar savdosini taqiqlashni rejalashtirmoqda
Buyuk Britaniya hukumati toza energiyaga o‘tish rejasida nazarda tutilganidek, 2040 yildan emas 2030 yildan boshlab qazilma yoqilg‘ida harakatlanadigan avtomobillar savdosini taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Mazkur chora Buyuk Britaniya yo‘llarida elektromobil soni ko‘payishini tezlashtirishi lozim. Joriy yilning sentyabr oyi oxirida qazilma yoqilg‘ilarda yuradigan avtomobillardan voz kechish rejasi taqdim etilishi kutilayotgan edi. Biroq qirollikda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar sonining oshishi oqibatida ushbu reja taqdimoti 2020 yilning oxiriga ko‘chirildi.
Qazilma yoqilg‘i yordamida harakatga keladigan dvigatelli yangi avtomobillar savdosi birinchi bo‘lib, 2025 yilda Norvegiyada taqiqlanadi. Germaniya, Irlandiya va Niderlandiyada taqiq 2030 yildan amalga kiritiladi. Fransiyada esa 2040 yildan boshlab qazilma yoqilg‘ida harakatlanadigan yangi avtomobillar savdosiga yo‘l qo‘yilmaydi.