Buyuk Britaniya koronavirus sababli yangi cheklovlar joriy etish to‘g‘risida e’lon qildi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, parlamentda qilgan chiqishida koronavirusning ikkinchi to‘lqini sababli yangi cheklovlar joriy etilishi to‘g‘risida e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining 8 foizdan kamida koronavirusga qarshi antitanachalar mavjud. Shu bilan birga, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatining ko‘payishi faqatgina test tahlili o‘tkazish hajmining oshgani bilan bog‘liq emas.
“Kuz-qish davrida koronavirus tarqalishi tezlashadi. Shu sababli biz hozirdan harakat qilishimiz lozim”, dedi Jonson.
“Biz uyda qolib ishlashga imkoni borlarga yana shunday qilishlarini so‘raymiz”, dedi u o‘tgan haftada hukumat odamlarni ofislarga qaytishga chaqirganligiga qaramasdan.
Angliyadagi restoran va umumiy ovqatlanish joylari 24 sentyabr kunidan boshlab mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da yopiladi. O‘sha vaqtga qadar taomga buyurtma berishga ulgurgan mijozlarga xizmat ko‘rsatiladi.
Restoran va do‘konlar xodimlari niqob taqib yurishi majburiy etib belgilandi.
Bundan tashqari, Jonson mamlakat aholisini ortiqcha yig‘ilishlardan tiyilishga chaqirdi va yopiq xonalarda turli oilaviy tadbirlar o‘tkazishni taqiqladi. Shuningdek, to‘ylarga tashrif buyuruvchi mehmonlar soni 30 kishidan 15 kishigacha qisqartirildi, dafn marosimlariga ilgarigidek 30 kishi tashrif buyurishi mumkin etib belgilandi.
“Olti kishi qoidasi” (olti kishidan ortiq odam yig‘ilishi mumkin emas) barcha yopiq xonalardagi jamoaviy sport turlariga nisbatan qo‘llaniladi.