Buyuk Britaniyada barcha cheklovlar bekor qilinadi

Buyuk Britaniya nihoyat barcha koronavirus cheklovlarini, jumladan ijtimoiy masofa saqlash va niqob taqishni bekor qiladi. Bu hukumat rejasiga ko‘ra, 19 iyul kunidan boshlanadi.

Bosh vazir Boris Jonson emlash kampaniyasining qamroviga umid qilmoqda: unga ko‘ra, barcha katta yoshdagilar sentyabr oyining o‘rtalariga qadar to‘liq emlanadi.

"Biznesning barcha turlari, jumladan tungi klublar ochilishiga ruxsat beriladi, qariyalar uylariga, konsert, teatr, sport tadbirlariga tashrif buyuruvchilar soniga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi. Biz ijtimoiy masofa va niqobni majburiy taqishni bekor qilamiz. Albatta, har kim ushbu qoidalarga rioya qilishni davom ettirishi mumkin, ayniqsa yuqumli kasalliklar ko‘paygan hollarda yoki begonalar bilan yaqin aloqada bo‘lganda, jamoat transportidan foydalanganda", deydi Boris Jonson.

Keyingi paytlarda qirollikda kasallanish doimiy ravishda o‘sib borayotganligi, «Delta» shtammining tarqalishi sababli shifokor va mutaxassislarning hammasi ham «kabinet kursi»ni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu holatga qo‘rquv bilan qarayotgan ba’zi "qo‘shni"lar Buyuk Britaniya bilan aloqani to‘xtatishni ko‘rib chiqayotgani ham bor gap.