Buyuk Britaniyadagi katta kompaniya asoschisi havodan pul yasamoqchi
Britaniya Ecotricty energetik kompaniyasi asoschisi Deyl Vins yaqin kelajakda havodan pul yasashni mo‘ljallamoqda, deb yozadi “Mir novostey” (2020 y. 45-son) haftanomasi.
Bu uning Sky Dimonds loyihasini ishga tushirganidagi bayonotidan ma’lum bo‘ldi. Loyihadan maqsad – arzon sintetik olmoslar yasash multimillionerning ta’kidlashicha, bu dunyodagi qimmat turadigan toshlarning ekologik toza va eng nafis hamda shaffofi bo‘ladi. Chunki ular uchun zarur birikmalar uning qo‘liga bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri osmondan tushar ekan. Aniqroq aytganda, uglerodli sanoat chiqindilari va avtomobillar chiqarayotgan gazlar asosiy xom ashyo bo‘ladi. Hozirda esa sayyoramiz atmosferasini ifloslantirayotgan bunday chiqindi gazlar oshib-toshib yotibdi. Bundan tashqari, Deyl Vins shamol va quyoshning bepul energiyasi va atmosfera yog‘in-sochinlaridan ishlab chiqarishda keng foydalanmoqchi.
Tadbirkor mahsulot yaratish uchun o‘z zavodida bug‘larning cho‘kindi kimyoviy texnologiyasini tatbiq etishni mo‘ljallamoqda. U “olmos urug‘i”ni gaz kamerasida 800 darajagacha qizdirishning “yashil texnologiya”sidan foydalanadi. Uning fikricha, shundan keyin “urug‘”dan olmos paydo bo‘ladi va tarkibi jihatidan yer qa’ridan qazib olinayotgan toshdan farq qilmaydi.
An’anaviy usulda olmos qazib olish uchun har bir karat o‘rtacha 3890 litr suv talab qiladi, yana taxminan 1000 tonna tosh va tuproqni qazib, elakdan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bu esa atmosferaga bir talay karbonat gazini chiqarishga majbur bo‘linadigan elektr energiyasi ishlab chiqarishni talab qiladi.
Ekologik tozalik uchun dunyoda kurash borayotgan paytda sintetik olmosga talab oshmoqda. Tajribasi katta Deyl Vinsning o‘z loyihasi muvaffaqiyatiga mutlaq ishonchi komil. U hatto loyiha ishga tushgach, oyiga darhol 200 karat olmos ishlab chiqarishga tayyor ekanligini bildirdi va ishlab chiqarishni modernizatsiyalashtira borib mahsulot miqdorini oyiga 1000 karatga oshirishni mo‘ljallayotganini ham yashirmadi.
Tayyorlovchi: T.Shomurodov.