Buyuk yozuvchilar hayotidan...

Edgar Po va uning qo‘rquvlari

Edgar Allan Po butun umri davomida qorong‘ulikdan qo‘rqqan. Ehtimol, bu qo‘rquvning sabablaridan biri bo‘lajak yozuvchining bolaligida... qabristonda o‘qiganligidadir.

U o‘qigan maktab shu qadar qashshoq ediki, bolalarga darslik sotib olishning iloji yo‘q edi. Shunda zukko matematika o‘qituvchisi o‘quvchilarni yaqin atrofdagi qabristonda, qabrlar orasida darsga olib chiqqan. Har bir o‘quvchi o‘zi uchun qabr toshini tanlardi va marhumning o‘lgan kunidan tug‘ilgan kuni sanasini ayirib, necha yil yashaganini hisoblab chiqardi. Shu sababli bo‘lsa kerak, yozuvchining jahon dahshatli adabiyotining asoschisiga aylangani ajablanarli emas.

Lev Tolstoy va uning husnixati

Buyuk yozuvchi ramzlar va qo‘shimchalar chigallashgan o‘qib bo‘lmaydigan qo‘lyozmalar qilardi. Faqat “Urush va tinchlik”ni bir necha marta qayta yozishga majbur bo‘lgan Tolstoyning rafiqasi Sofya Andreyevnagina uni tushunishi mumkin edi. Tolstoyning qo‘lyozmalarini o‘rgangan psixiatr Chezare Lombrozo ular psixopatik moyilliklari bo‘lgan ayolga tegishli, degan xulosaga keldi.

Mark Tven va uning muharrirlar bilan hazilashuvi

Amerika yozuvchisi Mark Tven ajoyib hazilkash bo‘lgan. Shuning uchun bo‘sh vaqtlarida u turli gazetalarga “Mening o‘limim haqidagi mish-mishlar juda bo‘rttirilgan”, degan raddiyalar yozishni yaxshi ko‘rardi. U shunchalik gazeta muharrirlarining jig‘iga tegdiki, keyinchalik ular bu xabarni “afsuski” so‘zi bilan boshlashga kelishib olishdi.

Anton Chexov va g‘alati erkalatishlar

Anton Pavlovich Chexov rafiqasi Olga Leonardovna Knipper bilan yozishmalarida unga odatiy iltifot va mehrli so‘zlardan tashqari, “aktrisacha”, “it”, “ilon” kabi juda g‘ayrioddiy so‘zlarni yozishni odat qilgan. Lahzaning lirikligini his qiling-a: “Qalbimning timsohi!”.

Ernest Xeminguey va peyrafobiya

Ernest Xeminguey omma oldida nutq so‘zlashdan qo‘rquv – peyrafobiyadan aziyat chekkan. Bundan tashqari, u hech qachon o‘zining eng samimiy o‘quvchilari va muxlislarining maqtoviga, hatto yaqin do‘stlariga ham ishonmasdi.

Yozuvchi mushuklarni yaxshi ko‘rgan, uning uyida doimiy ravishda bir nechta uy hayvonlari yashagan. Kunlarning birida unga irsiy mutatsiya tufayli polidaktil, ya’ni qo‘shimcha oyoq barmoqlari bor Snoubol ismli mushukni berishdi. Bugungi kunda Xeminguey uy-muzeyida ularning yarmi polidaktil bo‘lgan, Snoubolning avlodlari hisoblanadigan 50 dan ortiq mushuk yashaydi. Sayyohlarning katta qismi ushbu muzeyga yozuvchi merosiga qiziqqani uchun emas, birinchi navbatda mushuklar tufayli tashrif buyuradi.

Stiven King va“taxallus saratoni”

1970 yillarda amerikalik noshirlar mualliflar yiliga bittadan ortiq kitob nashr etmagani ma’qulroq, deb hisoblagan. Ko‘proq nashr etilishni istagan yozuvchi Stiven King ba’zi asarlarini Richard Baxman taxallusi ostida yoza boshladi.

1984 yilda bir kitob do‘koni xodimi mualliflarning adabiy uslublari o‘xshashligidan shubhalanib, noshirlarni o‘zining topilmasi haqida xabardor qiladi. Shunda yozuvchining o‘zi sotuvchiga qo‘ng‘iroq qilib, intervyu berishga rozi ekanligi va bu sirni fosh qiluvchi maqolani birga yozishni taklif qiladi. Natijada Richard Baxmanning “taxallus saratoni”dan vafot etgani haqida e’lon qilingan press-reliz paydo bo‘ldi.

Gi de Mopassan va Eyfel minorasi

Fransuz yozuvchisi Gi de Mopassan Eyfel minorasini yoqtirmaydiganlardan biri edi. Shunga qaramay, u har kuni uning ichidagi restoranda ovqatlanib, bu Parijdagi yagona minora ko‘rinmaydigan joy ekanligi haqida gapirgan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.